Yaqinda Indoneziyaning nufuzli nashriyotlaridan biri “Kanisius Media” nashriyotida bir guruh o‘zbek ijodkorlari va olimlarining kitoblari ingliz va indonez tillarida alohida shaklda nashr etildi. Unda O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Matyoqubova, O‘zMU professori Ra’no Sayfullayeva, shoir Minhojiddin Mirzo, filologiya fanlari doktori Hulkar Hamroyeva, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Shahodat Isaxonova, Gulbahor Jumayeva, Umida Xushvaqtova, marhum shoir A’zam O‘ktam va iste’dodli yozuvchi Asror Allayorov kabi ijodkorlarning ilmiy, badiiy va publitsistik asarlari o‘rin olgan.
O‘zbek ijodkorlari qalamiga mansub bu kabi kitoblarning xorijda nashr etilishi – mamlakatimizning chet ellardagi ilmiy-adabiy hamkorlik aloqalari yanada kengayib borayotganidan dalolatdir.
– To‘g‘risini aytsam, Indoneziyadagi bizning Yogyakarta shahrimiz aholisi hali o‘zbek adabiyoti va madaniyati haqida to‘la tasavvurga ega emas edi, -deydi mazkur nashriyot menejeri Rozaliya Emmi. – Nashriyotimiz tarixida ilk bora o‘zbekistonlik olimlar va ijodkorlarning kitoblarini nashr etdik. Endi mazkur to‘plamlarni shahrimizdan uncha olis bo‘lmagan orollarga ham jo‘natamiz. Ijodiy va ilmiy ishlarni nashrga tayyorlash jarayonida biz o‘zbek xalqining adabiyoti va san’atiga, o‘zgacha urf-odatlariga juda qiziqib qoldik.
E’tiborli tomoni, ushbu kitoblarning taqdimoti Indoneziyaning mashhur oliygohlaridan biri Gadjah Mada universitetida ham tashkil etildi. Unda mamlakatimizdan borgan mualliflar ham ishtirok etishdi.
– Universitetimiz jamoasi bilan o‘zbekistonlik olimlar va ijodkorlar bilan uchrashar ekanmiz, chop etilgan ushbu kitoblar bilan yaqindan tanishib, madaniyatlarimiz qanchalar yaqin ekanligiga guvoh bo‘ldik, -deydi mazkur universitetning Madaniy fanlar fakulteti dekani o‘rinbosari Mimi Savitri. –Endilikda ushbu kitoblardan adabiyot va san’atga oid darslarimizda ham keng foydalanishni reja qildik. Kelajakda hamkorlik aloqalarimiz yanada davom etib, universitetimizda o‘zbekistonlik talabalar ham tahsil oladilar deb kutib qolamiz.
Quvonarli jihati, mazkur universitet ilmiy jurnalining yaqinda chiqqan maxsus soni o‘zbekistonlik olimlarga bag‘ishlandi. Ayniqsa, taniqli yozuvchi Shahodat Isaxonovaning “Antiqa ziyofat” hikoyalar to‘plami Yogyakarta ilmiy-adabiy jamoatchiligida katta taassurot qoldirdi.
O‘tkir ALIMOV, O‘zA