Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishlarida bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama qilindi.

Xususan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi  yig‘ilishida “Soliqni hisoblab chiqarish tartibining ayrim qoidalari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining ayrim normalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. O‘z faoliyatini sharoiti “og‘ir” tumanlarda amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’ektlari, elektrotexnika tarmog‘i korxonalarining ixtisoslashtirilgan markazlari uchun bir qator soliqlar (masalan, mol-mulk solig‘i, yer solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq) bo‘yicha imtiyozlar berilmoqda.

Yig‘ilishda fraksiya a’zolari qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputatlar tomonidan berilgan takliflar e’tiborga olingani, loyiha har tomonlama pishiq-puxta holatga keltirilganini alohida e’tirof etdi. Kiritilayotgan o‘zgartishlar soliq tizimini takomillashtirishga, biznes muhitini yanada yaxshilashga, aholining farovon yashashiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Fraksiya a’zolari qonun loyihasining muhimligi, ayniqsa, partiya elektorati manfaatlariga mos kelishi hamda aholining sharoitlarini yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidlab, uni bir ovozdan ma’qulladilar.

Shuningdek, yig‘ilishda “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilinib, qo‘llab-quvvatlandi.

 

M.Komilova,  

O‘zA