O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Mo‘g‘ulistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Dorj Bayarkhu bilan uchrashdi.
Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Batsumber Munxjin tashrifi chog‘ida hamkorlik bo‘yicha qo‘shma hukumatlararo komissiya tuzish to‘g‘risidagi Bitim imzolanganini, joriy yilning sentyabr oyida Mo‘g‘uliston oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vaziri bilan uchrashuv rejalashtirganini qayd etdi.
Ta’kidlanishicha, Mo‘g‘ulistonda chorva mollarini birgalikda ko‘paytirish va keyinchalik go‘shtni qayta ishlash uchun O‘zbekistonga eksport qilish imkoniyatlari keng ko‘lamli sanoat kooperatsiyasiga zamin yaratadi.
Shuningdek, Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O‘zbekistonda yetishtirilgan mevalarga Mo‘g‘ulistonda talab yuqori ekanligini aytib o‘tdi. Uchrashuvda tomonlar agrar sohadagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va hamkorlikda ishlab chiqiladigan loyihalarni amalga oshirish mexanizmlari yuzasidan fikr almashdi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA