Ijtimoiy tarmoqlarda “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar harakati vaqtida o‘rindiqlarda yo‘lovchilar yo‘qligi haqida xabarlar tarqaldi va ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi:

“Bugungi kunda “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdi yo‘lovchilar uchun qulay bo‘lgani sababli ular chiptalarni bir oy oldin rasmiylashtirmoqda. Temiryo‘l transportidan foydalanishda yo‘lovchilar jo‘nash muddatidan 1 oy va undan ham oldinroq chiptalarni xarid qilishmoqda. Shu bois bayramlar arafasida chiptalar yetishmasligi ko‘pchilikda noto‘g‘ri tushuncha uyg‘otmoqda.

Shuningdek, ayrim hollarda yo‘lovchilarda poyezdlarga kechikish holatlari kuzatilmoqda. Chiptada yo‘lovchi poyezdning jo‘nash vaqti va yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish 30 daqiqa oldin tugashi haqida ogohlantirish berilgan. Yo‘lovchilar poyezdlarga kech qolmasliklari haqida ogohlantiriladi”.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA