Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi munosabati bilan mamlakatimizga tashrif buyurgan kuzatuvchilarning bir guruh vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazildi.

Xususan, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Qirg‘iziston Respublikasi Jokorku Keneshi Toragasi o‘rinbosari Nurlanbek Azigaliyev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.

Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Sh.Nazarov esa saylovda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Litva parlamenti Iqtisodiyot masalalari qo‘mitasi raisi K.Sterkevichus bilan uchrashdi.

Parlament quyi palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi Dilorom Fayziyeva Prezident saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida mamlakatimizga kelgan Estoniya parlamentining Tashqi aloqalar qo‘mitasi raisi Marko Mixelson, Latviya Seymining Xalqaro aloqalar qo‘mitasi raisi Rixards Kols, Latviya Tashqi ishlar qo‘mitasi maslahatchisi Arturs Yefimovs bilan uchrashdi.

Spiker o‘rinbosari Alisher Qodirov esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Avstriya Milliy kengashi deputati, “Avstriya – Markaziy Osiyo” parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari Eva Ernst-Dzedzich bilan uchrashdi.

Mazkur uchrashuvlarda mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi haqida to‘xtalib o‘tildi. Shu bilan birga, parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish borasida fikr almashildi.

M.Komilova, O‘zA