O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan Latviya va Estoniya parlamentlarining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitalari raislari R.Kols va M.Mixkelson Oliy Majlis Senatiga tashrif buyurdi.
Senat raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev bilan uchrashuvda kuzatuvchilar O‘zbekiston keyingi yillarda ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar dasturlarini muvaffaqiyatli amalga oshirib, ajoyib yutuqlarni qo‘lga kiritganini qayd etdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik, shu jumladan, parlamentlararo aloqalarning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, transport va gumanitar hamkorlik sohalarida qo‘shma loyihalarni amalda ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish borasida parlamentlararo hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanligini bildirdi.
O‘zbekiston va Latviya hamda Estoniya parlamentlarida tashkil etilgan do‘stlik guruhlari orqali samarali aloqalarni mustahkamlashga ikki tomon ham intilishi ta’kidlandi.
***
Senat raisining birinchi o‘rinbosari S. Safoyev Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi Torag‘asi o‘rinbosari Nurlanbek Azigaliyev boshchiligidagi delegatsiya bilan ham uchrashdi.
Muloqot chog‘ida xalqaro kuzatuvchi sifatida tashrif buyurgan mehmonlar saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rilgani va saylovchilarning yuqori darajada xabardorligini ta’kidladi. Ular bunga Toshkent shahri va viloyatidagi kuzatuvlari davomida guvoh bo‘lganini bildirdi. Bu saylovning ochiq va demokratik tarzda o‘tishini ta’minladi. Ayniqsa, saylov davomida o‘ndan ortiq saylov uchastkasida sinov tariqasida elektron ovoz berish amaliyoti joriy etilgani alohida ta’kidlandi. Ovoz berish jarayonida barcha toifadagi fuqarolar, keksalar, jismoniy imkoniyatlari cheklangan shaxslar va boshqalarning saylov huquqlaridan foydalanishi ta’minlandi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlarining bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, shu jumladan, parlamentlararo hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishda parlament diplomatiyasi imkoniyatlaridan foydalanish masalalarini muhokama qildi.
Tomonlar o‘zaro qiziqish uyg‘otgan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdi.
N.Abduraimova, O‘zA