O‘zbekiston Adliya vazirining o‘rinbosari Muzraf Ikromov Jeneva shahrida Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (BIMT) Bosh direktori Daren Tang bilan uchrashdi.

Uchrashuvda M.Ikromov O‘zbekistonda intellektual mulk ahamiyati, sohada amalga oshirilgan ishlar va o‘zgarishlar hamda yoshlar, ayollar va tadbirkorlar uchun berilgan keng imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi.

Xususan, 2025 yil 1 yanvarga qadar milliy eksport qiluvchilar tovarlarining kelib chiqish joylari va geografik ko‘rsatkichlarini xorijda ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq barcha xarajatlari davlat byudjeti hisobidan qoplanishi, 2023 yil 1 yanvardan O‘zbekistonga ayrim xalqaro brendlarni olib kirish uchun pasaytirilgan bojxona to‘lovlari stavkalari tasdiqlangani, 2023 yil 1 iyundan 2025 yil 1 yanvargacha “Xalq amaliy san’ati ustalarining milliy katalogi” va “Turizm sohasida faoliyat yurituvchi hunarmandlar reyestri”ga kiritilgan hunarmandlar uchun tovar belgilarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bepul qilingani haqida so‘zlab berdi.

Daren Tang O‘zbekiston Respublikasida qilinayotgan ishlardan xabardorligi, hozirda yoshlar, ayollar va tadbirkorlarga oid davlat siyosati BIMTning oldiga qo‘ygan rejalariga to‘g‘ri kelishi hamda O‘zbekistonni bu borada qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv davomida, BIMTning “VIPO Alert” platformasiga qo‘shilish maqsadida BIMT Bosh direktori D.Tang va adliya vaziri o‘rinbosari M.Ikromov tomonidan anglashuv memorandumi imzolandi.

Platformaning asosiy maqsadlaridan biri qaroqchi saytlarning reklamalar yordamida daromad topishiga chek qo‘yish, mualliflik huquqini buzgan veb-saytlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ro‘yxatini shakllantirish va ma’lumotlarni Platformaga a’zo bo‘lgan davlatlardagi mahalliy reklama agentliklari va tadbirkorlarga yetkazish hisoblanadi.

Uchrashuv yakunida  intellektual mulk sohasida yuzaga kelayotgan masalalar va ularga yechimlar hamda kelajakdagi hamkorlik istiqbollari haqida fikr almashildi.

N.Abduraimova, O‘zA