Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida Shanxay hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilar missiyasi vakillari ishtirokida ham matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Matbuot anjumanida qayd etilganidek, 27 nafardan iborat missiya vakillari yurtimizda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida ishtirok etib, jarayonlarni bevosita kuzatib borish imkoniga ega bo‘ldi. Jumladan, kuzatuvchilar 7-9 iyul kunlari 40 dan ortiq saylov uchastkalarida bo‘lib, saylovchilar, uchastka saylov komissiyasi a’zolari bilan erkin suhbat o‘tkazishdi.
Missiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish ishlariga yuqori baho berildi. Bunda saylov komissiyalarining faoliyati, jarayonlardan fuqarolarning xabardorligini oshirish, OAVning ishtirokini ta’minlash borasidagi ishlar e’tiborga molik.
Missiya kuzatuvchilari saylovda fuqarolarning faol qatnashgani, saylov komissiyalari tomonidan yuqori tayyorgarlik ko‘rilganiga guvoh bo‘lishganini e’tirof etdi. Shuningdek, saylov jarayonida e’tirozlar, noqonuniy holatlar kuzatilmagani, qonunbuzilish holatlari qayd etilmaganini ta’kidladi.
Kuzatuvchilar missiyasi vakillari qayd etganidek, ushbu saylov O‘zbekiston saylov qonunchiligiga va xalqaro saylov talablariga muvofiq o‘tkazildi. Shuningdek, saylov jarayonlari ochiq va shaffof tarzda o‘tdi. Kuzatuvchilar O‘zbekistonda demokratik islohotlar ilgarilaganini alohida qayd etdi.
SHHT kuzatuvchilari saylov uchastkalari xususida to‘xtalar ekan, kutilmagan saylov uchastkalariga ham borishgani va xalqaro kuzatuvchilar kutilgan saylov uchastkalari bilan ular orasida hech qanday farq yo‘qligini ta’kidladi.
Matbuot anjumanida SHHT missiyasi vakillari tomonidan ushbu saylov O‘zbekiston kelajagini belgilab bergani, olib borilayotgan islohotlar yana bir qadam oldinga siljishiga xizmat qilishi e’tirof etildi.
Muhtarama Komilova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA