Bu ikki huquqbuzarlik bir-biriga sirtdan o‘xshab ketadi. Ammo ular alohida jinoyat bo‘lib, o‘zining tarkibi, xususiyatlari va ijtimoiy xavfliligi bilan bir-biridan farq qiladi.
Tovlamachilik deganda shaxsni turli xil yo‘llar bilan qo‘rqitib, uning mulkini, mulkiy huquqlarni topshirishni yoki mulkiy tusdagi xatti-harakatni amalga oshirishni talab qilishi tushuniladi. Tovlamachilikni sodir etishda qo‘rqitish turli usullarda amalga oshirilishi mumkin. Tovlamachilikda jabrlanuvchi tomonidan mulk yoki mulkiy huquqlar topshirilishi shart emas. Tovlamachi tomonidan mulkni topshirishni talab qilinishining o‘zi jinoyat tugallanganini anglatadi.
Aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki uning mulkka bo‘lgan huquqini qo‘lga kiritish firibgarlik hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, firibgarlikda firibgar o‘zganing mol-mulkini tekinga egallash uchun yolg‘on ishlatadi, aldaydi, ikkinchi tomonning ishonchini poymol qiladi. Bunda sirtdan qaraganda jabrlanuvchi firibgarga o‘z mulkini “ixtiyoriy ravishda” topshirayotganga o‘xshaydi. Chunki jabrlanuvchi aldanadi, u firibgarni yolg‘on ishlatayotganini sezmaydi. Shuning uchun o‘z mulkini yoki mulkiy huquqlarini tazyiqsiz, qo‘rqitishsiz, o‘z xohishiga ko‘ra topshiradi.
Farq nimada deysizmi?
Bu ikki huquqbuzarlik bir biridan, asosan, qilmishning sodir etish usuli bilan farqlanadi. Tovlamachilikda jinoyatning sodir etish usuli qo‘rqitish hisoblanadi, firibgarlikda unday emas. Firibgarlikda jabrlanuvchi o‘z mulkini majburlikdan boshqa shaxsga topshirmaydi, o‘zi xohlab topshiradi. Jabrlanuvchiga tazyiq o‘tkazilmaydi. Tovlamachilikning ijtimoiy xavfliligi firibgarlikdan yuqori. Firibgarlik ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga kirsa, tovlamachilik uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlardandir.
Javobgarlik qanday?
Tovlamachilik uchun, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari qo‘llanilishi mumkin.
Firibgarlik uchun esa, BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilangan.
M.Turdaliyeva, A.Sodiqov O‘zA