2023 yil 9 iyul kuni mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy voqea — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tdi. Ertalab soat 8:00 dan boshlab mamlakatimizda tashkil etilgan 10 ming 784 ta saylov uchastkasida ovoz berish jarayonlari qizg‘in ruhda, uyushqoqlik bilan tashkil etildi. Saylovda saylash huquqiga ega bo‘lgan yurtdoshlarimiz faol ishtirok etib, o‘z kelajagi uchun, o‘zlari munosib deb bilgan nomzodga ovoz berishdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining 39 ta xorijiy davlatdagi vakolatxonalari huzurida tuzilgan 56 ta saylov uchastkasida ham ovoz berish jarayonlari faol tashkil etildi.
Prezident saylovi bo‘yicha mamlakatimizdagi barcha saylov uchastkalarida soat 20:00 da ovoz berish yakunlandi. Faqatgina O‘zbekistonning Yevropadagi ayrim davlatlar va Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlari davom etmoqda. Oxirgi uchastka 10 iyul Toshkent vaqti bilan 05:00 da AQSHda yopiladi.
Bu yilgi saylovda qamoqda saqlash joylarida ushlab turilgan hamda qamoqqa olingan, uncha og‘ir bo‘lmagan yoki ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatlar, shuningdek, ilk bor yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganligi uchun jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar ham ishtirok etdi. Xususan, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylovda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 34 ming 338 nafar shaxslarga ovoz berish huquqidan foydalanish imkoniyati yaratildi.
Mazkur siyosiy tadbirni 15 ta xalqaro tashkilot, 47 ta xorijiy davlatdan tashrif buyurgan jami 800 nafarga yaqin xalqaro kuzatuvchi bevosita kuzatib bordi. Prezidentlikka nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan esa 53 ming nafardan ziyod mahalliy kuzatuvchi saylovni bevosita kuzatdi. Saylovni jami 1 ming 400 nafar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari yoritib bordi.
Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasi hamda vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida brifinglar tashkil etildi. Ularda saylov jarayonlari, ovoz berish holati bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etib borildi.
Jumladan, Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov ishtirokida bo‘lib o‘tgan brifingda qayd etilganidek, 9 iyul 17:00 holatiga jami saylovchilarning 13 million 459 ming 677 nafari yoki 69,85 foizi ovoz berishda ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining yakuniy natijalari 2023 yil 10 iyul kuni e’lon qilinadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA