Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi tadbirlari mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan tezkor yoritilib, ushbu jarayonlar axborot, video va fotolavhalarda o‘z aksini topmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida yaratilgan qulaylik ularning tezkor axborot uzatishiga imkoniyat yaratayotganini alohida ta’kidlash lozim. Rossiyaning “TASS» axborot agentligi fotomuxbiri Vladimir Smirnov qayd etganidek, saylov jarayonlarini lavhalarda muhrlash yanada qiziqarlidir.
–O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida bu gal ikkinchi bor qatnashyapman. Siyosiy voqea bo‘lgani uchun uni yoritish yanada mas’uliyatli. Umuman, mazkur matbuot markazi faoliyati bilan yaqindan tanishman. Ertalab 6 ta saylov uchastkasida bo‘ldim va ayni paytda ushbu markazga kelib, bu yerdan ham lavhalar olyapman. Ovoz berish jarayonlari qonun talablari asosida o‘tkazilmoqda. Men fotomuxbir sifatida Prezident saylovi tadbirlarini suratlarga olyapman. Jurnalistlar axborotlari va videolarida aks ettirgani kabi men ham Prezident saylovini lavhalarimda muhrladim, –dedi V. Smirnov.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA