“Rossiyskaya gazeta” muxbiri Yuriy Kogalov O‘zA muxbiri bilan suhbatda saylov turli davlatlarda katta qiziqish bilan kuzatilayotgani, xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borilayotganini ta’kidladi.

Tajribali jurnalist mamlakatimizdagi o‘zgarishlar, yaqinda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumining ham yuqori saviyada tashkil etilganini alohida ta’kidladi. U O‘zbekistondagi islohotlarni sinchkovlik bilan kuzatib borishini, jumladan, ushbu siyosiy voqeliklar Rossiya xalqi tomonidan iliq qarshi olinayotganini qayd etdi.

– Eng avvalo, saylovga doir axborot bilan ta’minlash ishi yaxshi tashkil etilganini ta’kidlamoqchiman. Ovoz berish jarayonlarida mahalliy va xorijiy jurnalistlar uchun barcha sharoit yaratilgan. Saylovda yangi texnologiyalar sinovdan o‘tkazilayotganiga ham guvoh bo‘ldik.

O‘zbekistonga tashrifimdan g‘oyat mamnunman. Taassurotlarim ajoyib. Ayniqsa, yuzlab odamlar saylovdan oldin ovoz berishga kelishlari meni hayratda qoldirdi.

Saylovga tayyorgarlik masalalariga chet ellik kuzatuvchilar yuqori baho bermoqda. Buni axborot resurslarimizda e’lon qilib boryapmiz. Fikrimcha, Prezident saylovi ko‘ngildagidek ochiq va shaffof o‘tmoqda. Bunda mass-medianing roli katta, deb o‘ylayman.

Bir so‘z bilan aytganda, ommaviy axborot vositalarining erkin harakati saylovning yanada adolatli o‘tishini ta’minlaydi.

O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi