Senatga Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosatni o‘rganish instituti boshqaruvi raisi Bolat Nurgaliyev tashrif buyurdi.
Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan muloqot chog‘ida ikki mamlakat, xalqlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, ko‘p qirrali hamkorlik aloqalariga to‘xtalib o‘tildi.
Keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar, yaratilgan yangi imkoniyatlar, xalqaro hamkorlik va bularning yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgani haqida ma’lumot berildi.
Prezident saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etayotgan B.Nurgaliyev saylov jarayonlari davomida ko‘plab mas’ullar bilan o‘tkazgan uchrashuvlari, saylov uchastkalaridagi tanishuvlaridan kelib chiqib, mazkur siyosiy tadbirga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilganini e’tirof etdi.
Uchrashuvda ta’lim tizimidagi hamkorlik, xalq diplomatiyasini rivojlantirish, ikki mamlakat uchun global bo‘lgan ekologik muammolarni birgalikda hal etish borasidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
N.Abduraimova, O‘zA