Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi favqulodda va muxtor elchisi Van Kayven boshchiligidagi delegatsiya Markaziy saylov komissiyasida bo‘ldi.

Uchrashuvda xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekiston Prezidenti saylovi jarayonlari, unga tayyorgarlik ko‘rish ishlari xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Van Kayven, Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi favqulodda va muxtor elchisi:

– Saylov jarayonlariga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rilgan, saylov komissiyalari o‘z faoliyatini saylov qonunchiligiga ko‘ra amalga oshirayotganini alohida e’tirof etish lozim. Saylov ko‘tarinki ruhda, uyushqoqlik bilan o‘tmoqda, fuqarolar taqdiriga befarq emasligini bildirgan holda uchastkalarga birin-ketin kelishmoqda.

Saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilganini ko‘rdik. O‘zbekistonga kelishimiz bilan mamlakatda amalga oshirilgan islohotlarning samarasiga guvoh bo‘lyapmiz. Aholi saylovda juda faol, ular kelajagi uchun befarq emas. Bugun saylov yuqori darajada o‘tyapti, chunki fuqarolar ham, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati ham bu uchun harakat qilishmoqda.

O‘tgan yetti yil davomida saylov qonunchiligi takomillashib, nogironligi bor shaxslarning saylov jarayonida ishtirok etishida   imkoniyatlar kengaytirilgani, barcha shart-sharoitlar yaratilganiga amin bo‘ldik. Saylov uchastkalarida fuqarolarning barcha qatlami uchun teng imkoniyatlar bor.

O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.