O‘zA muxbiri O‘zbekistonda davom etayotgan saylovni kuzatib borayotgan “Pakistan Today” gazetasi muxbiri Husayn Abrar Mian bilan suhbatlashdi.
– O‘zbekistonda saylov jarayonlari ochiq va shaffof tarzda o‘tkazilmoqda. Saylov uchastkalarida yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rilgani, odamlarning kayfiyati yaxshi ekaniga guvoh bo‘ldim. Saylovchilar bilan suhbatlashib, ularning fikrlari bilan ham qiziqdim. Hech birida shikoyat yo‘qligiga amin bo‘ldim. Demak, ular saylov huquqini emin-erkin amalga oshirmoqda.
– O‘zbekistondagi saylovning Pokistonda o‘tadigan saylov jarayonlari bilan o‘xshash jihatlari bormi?
– Albatta bor. Saylovoldi targ‘iboti hamda saylov kuni aholining ovoz berish uchun faollik ko‘rsatishi juda o‘xshash. Pokistonda aholi gavjumligi uchun ham ovoz berish uchun uzoqroq navbat kutishadi.
O‘zbekistonda o‘tayotgan saylov muhitida do‘stona kayfiyat sezilib turibdi. Pokistonda esa saylovda ishtirok etadigan partiyalar saylov kuni bir-biriga tajovuzkorroq munosabatda bo‘lishadi. Har bir partiya saylov kuni ham o‘zini namoyon qilishga intilib, bayroqlarini baland ko‘tarishga harakat qiladi. Bu bilan saylovchilarni o‘zlariga qaratmoqchi bo‘lishadi.
So‘zimning yakunida O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan ushbu siyosiy jarayon muvaffaqiyatli yakunlanishi va mamlakatni yangi taraqqiyot yo‘liga olib chiqishga qodir nomzod g‘alaba qilishiga tilakdoshman.
Norgul Abduraimova, O‘zA