Bugun yurtimizda bo‘lib o‘tayotgan prezidentlik saylovini jami 1 ming 400 nafar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari yoritib bormoqda.
Albatta, ushbu siyosiy tadbirning ochiq, oshkora va shaffof o‘tishida ommaviy axborot vositalari vakillarining ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, xorijiy OAV vakillari mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlarni kuzatib, tahlil qilib, materiallar tayyorlashmoqda. Shu bilan birga, saylovni tashkil etish va ovoz berish jarayonlarining borishi xususida o‘z kuzatuvlarini bayon qilishmoqda.
Vengriyaning “HIR TV” telekanali muxbiri Gabor Tot biz bilan suhbatda quyidagilarni qayd etdi:
— O‘zbekistonda saylov jarayonlari juda yaxshi tashkillashtirilgan. Jurnalistlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar meni juda qoniqtirdi. Ishlash uchun barcha imkoniyatlar yaratilgani, Matbuot markazi yuqori tezlikda ishlaydigan internet, kompyuterlar bilan ta’minlanganini e’tirof etish joiz.
Saylov jarayonini yoritishda Vengriya tomoshabinlari uchun 2 daqiqali reportaj tayyorlab jo‘natdik. U bugun Vengriya yangiliklar telekanalida namoyish etiladi. Shuningdek, 20 daqiqa davom etadigan ikkinchi reportajni tayyorlayapmiz. Unda O‘zbekistondagi saylov jarayonlari chuqur tahlil qilinadi. U o‘zbekistonlik professor, siyosat fanlari doktori hamda vengriyalik xalqaro sharhlovchi bilan intervyuni o‘z ichiga oladi.
Bugun Toshkentdagi saylov uchastkalaridan birida bo‘ldim. U yerda juda ko‘p jurnalistlar, media vakillari, xalqaro kuzatuvchilar bor edi. Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, butun saylov jarayoni yuqori darajada tashkillashtirilgan, — deydi vengriyalik jurnalist.
Muhtarama Komilova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA