Muhim siyosiy voqelik – Prezident saylovi doirasida erta tongdan chet eldagi elchixona, konsulxonalarimizda ham ovoz berish jarayoni davom etmoqda.
O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasida tashkil etilgan 29-saylov uchastkasiga hamyurtlarimiz tashrif buyurib, nomzodlar, ularning saylov oldi dasturi bilan yana bir bor tanishib, o‘zlari ma’qul ko‘rgan nomzodga ovoz bermoqda.
– Fuqarolarning Konstitutsion huquqini ta’minlash uchun O‘zbekiston Prezidentligiga ovoz berish jarayoni davom etmoqda, – deya ma’lum qildi Pokiston Islom Respublikasidagi elchixonamiz huzurida tashkil etilgan 29-saylov uchastkasi kotibi Sarvar Abdurahimov. – Yurtdoshlarimiz gavjum yashaydigan Karachi va Lahor shaharlarida muddatidan oldin ovoz berish tashkil etilib, tutash hududlarda yashovchi fuqarolarimiz ushbu siyosiy tadbirda faol ishtirok etishdi.
Belgilangan hududga kelib ovoz berayotgan o‘zbekistonliklar o‘z qarori mamlakatimiz ravnaqi, yoshlar kelajagi yo‘lida muhim rol o‘ynashini ta’kidlagan. Islomoboddagi 29-saylov uchastkasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kech soat 20.00 ga qadar davom etadi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA