Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi vakili ishtirokida brifing o‘tkazildi. Unda saylov jarayonlarida qonuniylikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xususida ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davomida prokuratura va sud-huquq organlari tomonidan qonuniylikni ta’minlashga doir barcha chora-tadbirlar ko‘rildi. Hududiy ishchi guruhlari tashkil etilib, ular tomonidan nazorat ishlari yo‘lga qo‘yildi.

Hozirga qadar saylov bilan bog‘liq qonunbuzarlik holatlari sodir etilgani bo‘yicha murojaatlar bo‘lmadi. Ushbu siyosiy tadbirni o‘tkazishda qonunbuzilishi holatlarining oldini olishga ustuvor ahamiyat qaratildi.

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazi bilan ham muntazam aloqa yo‘lga qo‘yilgani va axborot almashinib turilgani ta’kidlandi.

Bosh prokuratura vakili ta’kidlaganidek, prokuratura va huquq-tartibot organlari tizimida 24 soatlik uzluksiz navbatchilik ish tartibida ishlar tashkil etilgan. Har qanday tadbirning tartibli, xavfsiz, osoyishta o‘tishi muhim ahamiyatga ega. Jumladan, saylov jarayonlarida ham jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib, zarur choralar ko‘rilmoqda. Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya vakillari bilan real vaqt rejimida axborot almashilmoqda. Jamoat tartibining saqlanishi qat’iy nazoratga olingan.

Bu kabi chora-tadbirlar saylov jarayonida qonuniylikni ta’minlash, fuqarolarning saylovga oid huquqlari to‘la ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Prokuratura organlariga 15:00 ga qadar 250dan ortiq murojaat kelib tushgan. Ularda asosan huquqiy tushuntirishlar so‘ralgan. Saylov qonunchiligi buzilishiga oid murojaatlar bo‘lmadi. Agar shunday holatlar sodir bo‘lgani yuzasidan murojaatlar tushsa, ularning har biriga tegishli huquqiy baho beriladi.

Muhtarama Komilova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA