Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar “Qurilishchi” mahallasida yashovchi Bazar aya Bekbergenova yurt taraqqiyoti, aholi farovonligi uchun ovoz berdi.

Bugungi kunda 103 yoshni qarshilayotgan tabarruk onaxon farzandlari, 31 nafar nevara, 57 nafar evara va 4 nafar chevarasi ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining o‘ttiz bir yilligi munosabati bilan 100 yoshdan oshgan keksa avlod vakillaridan bir guruhi qatorida  “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.

Nukus shahar “Qurilishchi” mahallasidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 32-saylov uchastkasi hududidagi  bemorligi, keksaligi va nogironligi bo‘lgan fuqarolarga uyida ovoz berish tashkil etildi. Komissiya a’zolari, mahalla fuqarolar yig‘ini vakillari Bazar aya xonadoniga tashrif buyurib, uyida ovoz berishiga imkoniyat yaratdi.

–Mamlakatimizda keksa avlod vakillariga ko‘rsatayotgan e’tibori hamda g‘amxo‘rligi uchun davlatimizga minnatdorlik bildiraman. – deydi Bazar aya Bekbergenova. – Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, dasturxonimiz to‘kin-sochin bo‘lsin.

Dovud ABIBULLAEV,

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA