O‘zbekistonga saylovni kuzatish uchun kelgan xalqaro kuzatuvchi, Koreya Xankuk chet tillari universitetining Markaziy Osiyo xalqlari tillari kafedrasi mudiri, professor Yeon Li Si (Janubiy Koreya) bilan suhbatlashdik.

– Saylov jarayonlarini ertalabdan kuzatib bormoqdaman. Saylov boshlanganidan ikki soat o‘tgandan keyin so‘raganimda ayrim uchastkalarda 20 foiz aholi ovoz bergan ekan. Bu aholining faolligini bildiradi. Haqiqatan, saylov uchastkalarida odamlar gavjum.

– O‘zbekistondagi saylovlarni avval ham kuzatganmisiz?  

– Ha, ilgari ham saylov bo‘lganida kuzatuvchi sifatida ishtirok etganman. O‘shanda ham aholining faolligi e’tiborimni tortgan. Janubiy Koreyada ham odamlar saylovga befarq emas. Lekin ular unchalik ham faol emas. Odamlar gavjum bo‘lib, navbat kutib ovoz berayotanini bizda uchratish qiyin. Ko‘pincha aholining 60 foizga yaqini saylovda qatnashadi. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich doim 80 foizdan ko‘proqni tashkil qilib kelganiga guvoh bo‘lganman.

– O‘zbek tilini yaxshi bilar ekansiz, Koreyada o‘zbek tilida dars ham berasiz. Koreya xalqida o‘zbek tiliga qiziqish qanday?  

– O‘zbekistonda ta’lim olib, ilmiy ishimni shu yerda himoya qildim. Shuning uchun ham bu tilni yaxshi o‘zlashtirdim. Hozirgi kunda bizda o‘zbek tiliga qiziqish juda katta. Yoshlar qiziqish bilan, qunt bilan til o‘rganmoqda. Ularning orzusi O‘zbekistonni ko‘rish, xalq bilan o‘z tilida muloqot qilish.

– Bu yo‘nalishda qanday rejalaringiz bor?  

– Yaqinda o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha qo‘llanmani nashrdan chiqardik. Bu yo‘nalishdagi ishlarimni yanada rivojlantirish uchun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlik qilmoqchimiz.

Norgul Abduraimova, O‘zA