Vazirlar Mahkamasi “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshiriladi.

Dasturda yangi ish o‘rinlari yaratishni rejalashtirgan tadbirkorlik sub’ektlarining hamkorlik shartnomalari asosida ixtiyoriy ravishda ishtirok etishi;

hamkorlik shartnomalari loyihalari Adliya vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi;

Savdo-sanoat palatasi hamkorlik shartnomalari tuzgan tadbirkorlik sub’ektlariga Dasturda ishtirok etayotganligini tasdiqlovchi sertifikat berishi va ularga hamkorlik shartnomalari to‘liq bajarilishi yuzasidan har tomonlama ko‘maklashishi;

Dasturga kiritilgan tadbirkorlik sub’ektlariga tabaqalashgan miqdorlarda imtiyoz va preferensiyalar berish, shuningdek, 2023-2024 yillarda Dasturni amalga oshirish uchun jami 1 milliard AQSH dollari miqdorida kredit liniyasini ochish belgilab berilgan.

Dasturni amalga oshirish bo‘yicha respublika komissiyasi tashkil etiladi.

Ushbu qaror bilan “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

“20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida tadbirkorlik sub’ektlariga soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalarni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Amaliy monomarkazlar faoliyatini tashkil etish, ularni qurish va jihozlash xarajatlarini qoplash tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiklandi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Dasturni amalga oshirish bo‘yicha barcha jarayonlarni raqamlashtirish – “Hamkor tadbirkor” axborot tizimi ishlab chiqiladi.

Tadbirkorlik sub’ektlari Dasturda ishtirok etish uchun “Hamkor tadbirkor” axborot tizimi, “Onlayn mahalla” elektron platformasi yoki soliq to‘lovchilarning shaxsiy kabineti orqali murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Dasturga kiritilgan tadbirkorlik sub’ektlari loyihalarini 2023 yilda moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tijorat banklariga 100 million AQSH dollari ekvivalentida kredit liniyasi ochiladi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi bo‘yicha 2023 yil yakuniga qadar 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlaridan 200 million AQSH dollari miqdorida kreditlar jalb qilinadi.

O‘zA