“Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” xalqaro anjumani doirasida tashkil etigan ikkinchi sessiya – “Samarali migratsiya siyosati: xorijdagi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash” mavzusida bo‘ldi.

Mazkur tadbirda bugungi kunda tashqi mehnat migratsiyasi sohasini yangi bosqichga ko‘tarish, mehnat migrantlari va ularning oilalariga joriy qilingan imtiyoz va kafolatlar ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.Xorijdagi mehnat migrantlarini huquqiy, moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Yig‘ilishda 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish kun tartibi migratsiyaning barqaror rivojlanishga ijobiy hissasini qo‘shishi e’tirof etildi. Darvoqe, BMTning 17 Barqaror rivojlanish maqsadidan 11 tasi migratsiya va ko‘chuvchanlik uchun qo‘llanadigan maqsad va ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga olishi bilan ahamiyatlidir.

Xalqaro konferensiya qatnashchilariga respublikamizda ayni sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha ma’lumot berildi, ma’ruza va taqdimotlar qilindi. Chet davlatlarda faoliyat yuritayotgan, tahsil olayotgan hamyurtlarimizga yaratilgan shart-sharoitlar, xususan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan olib boriladigan muhim choralar ham ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, xorijdan qaytgan mehnat migrantlariga “Mahalla – mehnat organlari–sektor–Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi filiali” tizimi asosida 479,2 ming nafar fuqaroga bandlik xizmatlari ko‘rsatilib, 388,3 ming nafari bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirilgan. 19,4 ming fuqaroga esa tadbirkorlikka jalb qilish va kredit ajratishga ko‘maklashildi, 15 ming nafariga bandligini ta’minlash uchun subsidiya ajratilgan va 56,5 ming nafari kasbga o‘qitilgan.

Tadbir davomida xorijiy ekspertlar ham nutq so‘zlab, bugungi taxlikali zamonda nafaqat ayni bir qit’ada, balki butun dunyoda samarali migratsiya tizimini muvoffiqlashtirish zarurligini ta’kidladi. Tizimda amalga oshirilayotgan ishlar xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish, muxojirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning muammo va ehtiyojlarini o‘rganish hamda hal qilish bo‘yicha yangicha yondashuv sifatida xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Jumladan, BMT Kun tartibidagi maqsadlardan biri, aynan, tartibli, xavfsiz, qonuniy va mas’uliyatli migratsiya hamda inson harakatchanligini, migratsiya siyosatini amalga oshirish orqali rag‘batlantirishga undashdir. Shu bois, turli mamlakatlarda mazkur mavzuda xalqaro darajadagi anjumanlar, davra suhbatlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA