Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Eron Islom Respublikasi vitse-prezidenti Ensiyo Xazaliy bilan uchrashdi.

O‘zbekiston bilan Eron o‘rtasidagi aloqalar, ayniqsa, savdo-iqtisodiy va siyosiy muloqotlar izchil rivojlanib bormoqda.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatlarimiz o‘rtasida parlamentlararo munosabatlarni yanada mustahkamlash, xalqaro tuzilmalar doirasida sherikchilikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Suhbatda do‘st xalqlarimizni chuqur tarixiy rishtalar, o‘xshash mentalitet, an’analar va ma’naviy qadriyatlar bog‘lab turgani alohida ta’kidlandi.

Keyingi yillarda davlat rahbarlarining qat’iyati tufayli O‘zbekiston – Eron hamkorlik aloqalari jadal rivojlanib borayotgani, jumladan, parlamentlararo munosabatlar ham yangi bosqichga chiqqani ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan ikki mamlakat parlamentlari oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlash maqsadida parlament nazoratini amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

O‘z navbatida, mehmon samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki mamlakat o‘rtasida parlamentlar, hukumatlar vakillari, tadbirkorlarning o‘zaro amaliy tashriflari faollashganini qayd etdi. Davlatlarimiz o‘rtasida turli sohalarda hamkorlikka oid imzolangan hujjatlarning to‘laqonli amalga oshirilishi esa kelajakda o‘z samarasini berishiga ishonch bildirdi.

– O‘zbekistonda islohotlar jadal amalga oshirilmoqda, buni ko‘zimiz bilan ko‘rib guvohi bo‘ldik, – dedi  Ensiyo Xazaliy.

–  Ayniqsa, xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilik hujjatlari takomillashtirilmoqda, ularning jamiyatdagi roli va o‘rni oshirilmoqda. Bu, albatta, tahsinga sazovor. Shu ma’noda o‘zaro tajriba almashish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ikki mamlakat uchun ham manfaatlidir.

Do‘stona va amaliy ruhda kechgan uchrashuv yakunida istiqboldagi rejalar va loyihalarni hayotga tatbiq etishda hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA