Rivojlangan davlatlar tajribasidan ma’lumki, adolatli jamiyat va samarali davlat boshqaruvi tizimini yaratishda yuksak bilimli va malakali kadrlar avlodini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Samarali davlat boshqaruvi tizimiga o‘tishda mamlakatimizda ham zamon bilan hamnafas, innovatsion fikrlaydigan, tashabbuskor rahbar kadrlar, davlat xizmatchilarini tayyorlash va malakasini oshirishga ustuvor e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda xorijiy tajribalar qo‘l kelayotir.
Germaniyaning Xanns Zaydel jamg‘armasi mahalliy va davlat boshqaruvi sohasida faoliyat yuritayotgan yosh rahbar kadrlarning ilg‘or tajribalar asosida malakasini oshirishni, professional davlat xizmatchisini tayyorlash vazifasini o‘z oldiga ustuvor maqsad qilib qo‘ygan. Jamg‘arma 1967 yilning 11 aprelida Germaniyaning Myunxen shahrida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, Bavariya federal yerining sobiq hokimi nomi sharafiga “Xanns Zaydel” deb nomlangan.
Jamg‘arma 2002 yildan buyon Markaziy Osiyoda davlat xizmati va mahalliy boshqaruv tizimini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Hozirda u mintaqadagi Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston va O‘zbekiston Respublikalari bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Xususan, jamg‘armaning yurtimizdagi vakolatxonasi 2021 yilda nodavlat notijorat tashkiloti sifatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Jamg‘arma O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va boshqa bir qator davlat boshqaruvi tuzilmalari, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Mazkur hamkorlik doirasida davlat xizmatchilarining kasbiy malakasini oshirish, oliy ta’limni takomillashtirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, atrof-muhit muhofazasi, ekologiya, mahalla institutini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilning fevral oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va jamg‘arma o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanib, hamkorlikdagi xalqaro tadbirlar (konferensiya, seminar, davra suhbatlari)ni o‘tkazish, davlat xizmatchilari uchun xorijiy mamlakatlarda malaka oshirish kurslarini tashkil etish, xalqaro ekspertlarni jalb qilishga kelishib olindi.
Faoliyatida yaxshi natija ko‘rsatgan va Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan mahalladagi hokim yordamchilaridan 10 nafarini 2023 yilda Germaniyaning Bavariya boshqaruv maktabida qisqa muddatli malaka oshirish kursiga yuborish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Qolaversa, 2021 yilda Davlat boshqaruvi akademiyasi va jamg‘arma o‘rtasida 3 yilga mo‘ljallangan o‘zaro anglashuv memorandumi va har yillik moliyalashtirish rejasi tasdiqlangan bo‘lib, o‘zaro hamkorlikda qator loyihalar, o‘quv treninglari amalga oshirib kelinmoqda.
– Germaniyada ham yurtimizdagi kabi mahalla, ya’ni o‘zini o‘zi boshqarish tizimi mavjud bo‘lib, u “gemaynde” deb nomlanadi, – deydi Xanns Zaydel jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ofisi rahbari Javhar Do‘stov. – Mazkur boshqaruv tizimi ko‘ngillilik asosida qo‘llab-quvvatlanadi. Shu o‘rinda “mahalla byudjeti” tizimi haqida alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Mahalliy soliq, tushumlardan shakllanadigan mazkur byudjet hisobidan mahallaning o‘zi o‘z hududidagi muammolarni joyida hal etadi. Xuddi shu model O‘zbekistonda ham pilot loyiha sifatida har bir tumanning bittadan mahallasida joriy etildi. Hozirda loyihani takomillashtirish ishlari olib borilmoqda. Xanns Zaydel jamg‘armasi, shuningdek, Germaniyada tahsil olayotgan mahalliy aholi hamda ushbu mamlakatda o‘qish istagidagi xorijliklarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bakalavr, magistratura va doktoranturada o‘qish uchun stipendiyalar taklif etadi. Stipendiya sohiblariga jamg‘arma tomonidan oylik stipendiya, tibbiy sug‘urta uchun qo‘shimcha qisman to‘lov va bolali talabalar uchun nafaqalar beriladi. Hozirda ikki nafar hamyurtimiz ushbu stipendiantlar qatoridan joy olgan.
Kamola YUSUPOVA, O‘zA