Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining Parijga tashrifi davomida Fransiya Nyu-Dehliga qiruvchi samolyot hamda suv osti kemasi yetkazib berishi yuzasidan hujjat imzolanishi mumkin. Modining 14 iyul kuni Parijda milliy bayram munosabati bilan uyushtiriladigan paradda faxriy mehmon bo‘lishi kutilyapti.
“BFM TV” xabarida kelishuv 26 ta “Rafale” jangovar samolyoti va “Scorpene” sinfidagi oltita dizel-elektr submarin yetkazib berilishini ko‘zda tutishi ta’kidlangan.
Darvoqe, bu ikkki sherikning harbiy sanoat yo‘nalishidagi munosabati boy tarixga ega. Ilgari Fransiya Hindistonga “Mirage III” va “Mirage 2000” jangovar samolyoti eksport qilgan. 2016 yil Parij va Nyu-Dehli qiymati 8 milliard yevroga teng 36 ta “Rafale” xaridi to‘g‘risida shartnoma imzolagan. Suv osti kemasi bo‘yicha muzokara esa sakkiz yildan buyon davom etmoqda.
Endi Nyu-Dehli Fransiyaning “Dassault Aviation” kompaniyasi taklif qilayotgan “Rafale” va Amerikaning “Boeing” korporatsiyasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan “F-18” samolyotlaridan birini tanlashi kerak, deyiladi xabarda.