“Kimdir bizning islohotlarimizga shubha qilsa, Mo‘ynoqqa (Qoraqalpog‘istonga) kelib ko‘rsin!”

Shavkat Mirziyoyev. (“Mo‘ynoq porloq teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tikuvchilik korxonasini ishga tushirish marosimidagi nutqdan)

O‘zbekiston Liberal Demokratik Partiyasining XI sezdi Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida tasdiqladi. Partiya matbuot xizmati tarqatgan xabarda nomzodning saylov oldi dasturidan O‘zbekistonda barpo etilishi rejalashtirilgan bir qator “megaloyihalar” o‘rin olgani ta’kidlangan. Kelgusi yillarda 50 ta nufuzli xorijiy brend bilan maxsus eksport zonalari tashkil qilinishi, istiqbolli strategik mega-loyihalar – Olmaliqda 3 ta mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodi, Ohangaronda misni qayta ishlash klasteri, Navoiy, Qo‘ng‘irot va Qorako‘lda yirik kimyo-polimer klasterlari, Toshkent va Navoiy viloyatlarida fosforit xomashyosidan yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonasi hamda Qoraqalpog‘istonda Tebinbuloq va G‘allaorolda temir ishlab chiqarish majmualari ish boshlashi qayd etilgan. Hozir ana shu yirik sanoat majmualaridan biri – Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak tumanida yangidan bunyod etilayotgan Tebinbuloq tog‘-metallurgiya majmuasi haqida so‘z yuritamiz.

Ancha yillardan buyon O‘zbekiston paxtaga boy, meva-chevasi mo‘l, qovun-tarvuzi, anor-u uzumi serob, hatto, pilla, tillo, urani ham bor-u, ammo yirik inshootlarning naq umurtqa pog‘onasi – temir, metall ulashishda tabiat bizni chetlab o‘tibdi, deb o‘ksir edik. Katta va mustahkam poydevor, qavati baland uy, avtomobil va temir yo‘l, daryo, anhor uzra ko‘prik barpo etish uchun temirimiz yo‘q, deb kuyunardik. Asossiz bo‘lib chiqmoqda bu afsus-nadomatlarimiz.

Qoraqalpog‘istondagi yer qa’rida yotgan Tebinbuloq temir koni haqiqatan katta zaxirasi, sifat ko‘rsatkichi bilan mutaxassislar aqlini shoshiradigan ulkan temir koni ekan. Оддий temir emas, noyob titan-magnetitga boy bu joyda yiliga 22 million tonna metall ruda beradigan ochiq temir koni, 1 million tonna mahsulot ishlab chiqariladigan po‘lat eritish zavodi qurish, 1,5 million tonna cho‘yan eritadigan metallurgiya majmuasi barpo etish boshlab yuborilgan.

Raqamlar, rejalar haqiqatdan ham geometrik, hatto astronomik ko‘lam kasb etadi. Beixtiyor, bu ulkan niyatlar amalga oshsa qanday o‘zgarishlar ro‘y berarkan, degan xayolga cho‘masan, bir daqiqali xayol-mushohadadan so‘ng bugungi hayotga, tajribaga, mantiqqa qaytasan, kishi. Axir, kim o‘ylagan edi kechagi, asosan, 5-6 qavatli, boring-ki, 10-15 qavatli uylarga boy Toshkentda ko‘z o‘ngimizda 30-50 qavatli binolari bisyor shaharga aylanadi, deb. Yoki chillaning jazirama issig‘ida ko‘chada “tandir olov purkayotgan” bir paytda uzundan uzun “garmoshkali” avtobuslarda yuzga yaqin yo‘lovchi joniga orom berib ufurayotgan sovutkich murvatini burab, muzday havoni mo‘’tadillashtirishga urinamiz, deb.

Prezidentimizning 2017 yil 4-5 aprel kunlari Rossiyaga davlat tashrifi doirasida O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi binosida Tebinbuloq tog‘-metallurgiya majmuasini o‘zlashtirish va ishga tushirish to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi. Kelishuvga muvofiq, O‘rol tog‘-metallurgiya kompaniyasi egasi, o‘zbekistonlik tadbirkor-oligarx Iskandar Mahmudov tomonidan Tebinbuloq temir koni majmuasini o‘zlashtirishga 1,5 milliard dollar investitsiya kiritilib, jamoasi muhandis-texnik xodimlari yordamida birinchi bor sof tabiiy metall rudasidan O‘zbekistonda po‘lat, cho‘yan kabi temir mahsulotlari ishlab chiqaradigan zavod qurish va majmuaning boshqa yordamchi korxonalarini ishga tushirishga kelishib olindi.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 12 yanvardagi qarorida esa investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Majmuada yiliga 900 ming tonna armatura, 225 ming tonna sim, 375 ming tonna burchak (ugolok) shveller, 22 ming tonna vanadiy shlagi va boshqa materiallar ishlab chiqariladi. Mahsulotning 35 foizi eksport qilinishi rejalashtirilgan. Kondagi mavjud zaxira 1,1 milliard tonnani tashkil etadi.

Ma’lumki, O‘zbekistonda Bekobod metallurgiya kombinati bo‘lsa-da, sof tabiiy rudadan bino va inshootlarni temir-beton qilib mustahkamlaydigan toza metall ololmas edik. Ishlab chiqarilayotgan barcha mahsulotlar ilgari bir marta ishlatilgan temir-lomdan qayta eritib olingan xomashyodan tayyorlanardi. Endi Tebinbuloq tog‘-kon majmuasida tabiatda o‘zi paydo bo‘lgan rudadan haqiqiy sof, toza metall ishlab chiqara boshlaymiz. Yangi O‘zbekistonning yangi mahsulotidan turli mashina va mexanizmlar, traktor, ekskavator, kran, og‘ir yuk tashish mashinasi, avtomobil va turli murakkab detallar, ehtiyot qismlar tayyorlanadi.

Ko‘p qavatli uylar, Amudaryo, Sirdaryo, Zarafshon, Chirchiq yoki boshqa katta-kichik daryo, anhorlar uzra barpo etiladigan temir-beton ko‘priklar uchun endi texnik ko‘rsatkichi ancha yuqori, jahon standartiga javob beradigan temir o‘zimizdan chiqadi.

Asli buxorolik tadbirkor, bu sohada ulkan tajriba to‘plagan amaliyotchi-metallurg Iskandar Mahmudovni Tebinbuloq temir koni rudasi tarkibida noyob kimyoviy element – vanadiy mavjudligi qiziqtirib qoladi.

Avtomobil motori porsheni kabi kuchli bosimda, yuqori haroratda va katta tezlikda harakat qiladigan, ishqalanishga, issiqlikka, moyga chidamli detallar tayyorlashda, ta’kidlash joiz, vanadiyning o‘rnini bosadigan kimyoviy element, hozircha, tabiatda yo‘q. Vanadiy bo‘lmaganda, avtomobil bo‘lmasdi, degan edi Amerika avtomobil sanoatiga asos solganlardan biri, mashhur Genri Ford. Vanadiy juda chuqurlikda neft quvuri kavlanayotganda yer qa’ridagi metindek qattiq tog‘-toshni parmalashda ham keng qo‘llanadi. AQSHdagi ayrim xususiy kompaniyalar toza vanadiydan oltin o‘rnini bosadigan medal, kolleksiya qilinadigan yubiley, xotira tangalari tayyorlashyapti.

Arxiv materiallaridan ma’lum bo‘lishicha, Tebinbuloq temir koni 1937 yil ochilgan bo‘lib, bu haqdagi axborot davr talabiga ko‘ra, Moskvaga yetkazilgan. O‘shanda Ikkinchi Jahon urushi arafasidagi murakkab ijtimoiy-siyosiy vaziyat, iqtisodiy tanglik sabab Qoraqalpog‘istondagi temir konini ochish masalasi keyinga qoldiriladi. Mana, 85 yildan keyin davlatimiz va hukumatimizning siyosiy irodasi, qarori, mutaxassislarimiz maslahati va tadbirkor vatandoshimizning imkoniyati bilan bu mega inshoot nihoyat ishga tushiriladigan bo‘ldi.

Reklama, targ‘ibot-tashviqotdan yiroqroq yuradigan tashabbuskor tadbirkor Iskandar Mahmudov 1998-99 yillari O‘rolda mis rudasi qazib oladigan eng katta tog‘-metallurgiya kombinatiga asos soladi. Majmua tarkibida 7 ta yirik tog‘-kon kombinati, ko‘plab turli katta-kichik sex va zavodlar, shuningdek, “Uralelektromed”, Sredneuralsk mis eritish zavodi, Kachkanarsk tog‘-kon kombinati kabi yirik korxonalar bor edi. Bugun Iskandar Mahmudov boshliq O‘rol tog‘-metallurgiya kombinati Rossiya Federatsiyasida faoliyat ko‘rsatayotgan 40 dan ziyod sanoat korxonasini o‘z ichiga oladi.

Bundan 5 yil muqaddam 2017 yil 15-16 dekabr kunlari Prezidentning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida Qorao‘zak tumanidagi temir rudasining boy zaxirasiga ega Tebinbuloq konini o‘zlashtirish istiqboliga alohida to‘xtalib o‘tgan edi. Oradan bir oy o‘tar-o‘tmas, 2018 yil 12 yanvar kuni davlat rahbarining “Tebinbuloq koni negizida tog‘-metallurgiya kompleksi qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi maxsus qarori qabul qilindi.

Mutaxassislar jiddiy qiziqish bildirayotgan Tebinbuloq konidan olinadigan titan o‘zi qanday metall? Metallshunoslik lug‘atida qayd etilishicha,  oq, kumush rangdagi yengil, asosan, mashina-mexanizmlarda keng qo‘llanadigan, sirg‘alish, ishqalanishga, issiqlikka chidamli, boshqa metallarga nisbatan qattiq, mustahkam. Ayni payt ayrim metallarga o‘xshab mo‘rt ham emas, egiluvchan, texnik sifat ko‘satkichi bo‘yicha qator temir qorishmalaridan afzal. Titan, shuningdek, yuqori issiqlikka chidamli bo‘lib, o‘zidan issiq-sovuq o‘tkazmaydigan xususiyatga ham ega. Titandan tayyorlangan temir detal zanglamaydi, kuchli bosimga chidab, uzoq muddat xizmat qiladi. Bunday detallar tashqi agressiv ta’sirga, yuqori bosimga chidamli, ayni ko‘rsatkichi sof temirga nisbatan 2 barobar yaxshi, deyishadi mutaxassislar.

Prezidentimizning Qoraqalpog‘istonga yana bir tashrifi chog‘ida qayd etilganidek, Tebinbuloq koni negizida kon-metallurgiya kompleksi qurilishi ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatdan dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Prognoz ko‘rsatkichi bo‘yicha Tebinbuloq koni zaxirasi 4,3 milliard tonnagacha rudani tashkil etadi. Konni o‘zlashtirish ikki bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Loyiha qiymati 810 million dollarga teng. Ikkinchi bosqichda yana 940 million dollar sarmoya o‘zlashtiriladi. Кон to‘la ishga tushirilishi ruda bo‘yicha ichki iste’mol-u ehtiyojni to‘la qoplabgina qolmay, ortiqcha xomashyoni eksport qilish imkonini ham beradi. Kimyoviy laboratoriya tahliliga qaraganda, Tebinbuloq konidagi ruda tarkibidagi metall 16-18 foizni tashkil etadi. Ayrim toifa bo‘yicha zaxira esa 3 milliard 500 million tonnadan 4 milliard 300 million tonnagacha, deya baholanmoqda. Bu raqamlar tog‘-kon majmuasida ulkan hajmda metall ishlab chiqarish va eksport qilish salohiyatidan darak beradi.

Mutaxassislar fikriga qaraganda, Tebinbuloq koni negizida bugungi kunda ehtiyoj yuqori, taqchil bo‘lgan turli noyob yangi qurilish materiallari ishlab chiqaradigan korxonalar ham tashkil etish mumkinligi aytilmoqda. Dastlabki hisob-kitob bunday korxonalar faoliyati mo‘may daromad keltirishidan darak bermoqda.

O‘zbekiston hududidagi yirik temir rudasi ob’ekti bo‘lgan Tebinbuloq konining qulay iqtisodiy sharoiti (kon ochiq o‘zlashtirilishi, temir yo‘l, magistral gaz, suv quvurlari, elektr uzatish liniyalari yaqinligi, yetarli inson resurslari mavjudligi) hisobga olinsa, Qoraqalpog‘istonda katta hajmda temir va qimmatli qurilish materiallari ishlab chiqarish, minglab odamlarni ish bilan ta’minlash imkoniga ega sanoat industriyasi paydo bo‘lishini anglash qiyin emas.

Boz ustiga, hisob-kitoblar bunday korxona sifatli mahsulot ishlab chiqarish barobarida yuqori daromadga ham ega bo‘lishini ko‘rsatmoqda.

– Tebinbuloq konidagi boy zaxira hisobidan bu yerda yana qo‘shimcha sanoat korxonalari qurish, yangi ish joylari yaratish mumkin, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi, akademik Nagmet Aimbetov.

Xulosa shuki, Tebinbuloq koni kecha o‘z temiri bo‘lmagan O‘zbekistonni bugun-erta dunyoning yirik metall ishlab chiqaruvchi davlatlaridan biriga aylantiradi. 2024 yil O‘zbekiston tabiiy rudadan olingan sof metall ishlab chiqara boshlaydi.

Irismat Abduxoliqov, O‘zA sharhlovchisi