Statistika agentligi o‘z faoliyatini “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonun va unga muvofiq ishlab chiqiladigan statistika dasturlari asosida tashkil etadi. Rasmiy statistika sohasida statistika kuzatuvlarini o‘tkazish, statistika ma’lumotlarini shakllantirish va tarqatish har yili milliy va xorijiy foydalanuvchilarning statistika ma’lumotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini inobatga olgan holda ishlab chiqiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Statistika ishlari dasturi doirasida bajarilgan ishlar hisoboti” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi rahbariyati, boshqarma boshliqlari, Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti xodimlari, OAV vakillari va blogerlar ishtirok etdi.
Statistika dasturiga muvofiq 2023 yil yanvar-iyun oylarida jami 1744 ta statistika ishi belgilangan muddatlarda va to‘liq hajmda, shundan 907 tasi statistika organlari tomonidan bajarilgan.
Statistika agentligi tomonidan shakllantiriladigan rasmiy statistika ma’lumotlari yo‘nalishida umumiy hisobda 748 ta, jumladan:
Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va balanslar – 254 ta;
Iqtisodiyot tarmoqlarining ko‘rsatkichlari – 310 ta;
Ijtimoiy sohaning ko‘rsatkichlari – 108 ta;
Korxona va tashkilotlar yagona davlat registri – 76 ta.
Uslubiyatlarni takomillashtirish va sohani muvofiqlashtirish yo‘nalishida 111 ta statistika ishlari bajarilgan.
Shuningdek, 46 ta xalqaro savolnoma bo‘yicha ochiq statistika ma’lumotlarining almashinuvi ta’minlangan.
Shu bilan birga, boshqa vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan statistika organlariga rasmiy statistikani tayyorlash uchun 374 ta ma’muriy ma’lumotlar taqdim etilgan.
Bundan tashqari, 463 ta statistika ishlari rasmiy statistikaning boshqa tayyorlovchilari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida tarqatilgan.
2023 yil yanvar-iyun oylarida xalqaro tashkilotlarning 21 ta savolnomalari, jumladan, BMT Statistika bo‘limining 7 ta, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasining 2 ta, YUNESKO statistika institutining 3 ta, Xalqaro mehnat tashkilotining 1 ta, Xalqaro Elektraloqa ittifoqining 1 ta va boshqa xalqaro tashkilotlarning 7 ta savolnomasi to‘ldirilib, taqdim etildi.
Bundan tashqari, 4 ta xalqaro ma’lumotlar bazasidagi, xususan, XVJning kengaytirilgan ma’lumotlarni tarqatishning umumiy tizimi doirasida, MDH, “COMTRADE” va “TRANSMONEE” ma’lumotlar bazalarida O‘zbekistonning statistika ko‘rsatkichlari o‘z vaqtida yangilandi.
Jumladan, tovarlar savdosi bo‘yicha BMTning “COMTRADE” axborot bazasida 3 mingdan ortiq tovar turlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi ma’lumotlari har oyda yangilab borilmoqda.
Agentlik rasmiy veb-saytining “Rasmiy statistika” bo‘limida qator statistika yo‘nalishlari bo‘yicha 400 tadan ortiq statistika ma’lumotlari to‘plami e’lon qilindi.
Agentlikning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy Telegram kanali va Facebook sahifasida 6850 tadan, Instagram sahifasida 270 ta va Youtube kanalida 180 ta yangilik e’lon qilindi va infografika roliklari joylashtirib borildi.
Shuningdek, 180 dan ortiq infografika roliklari hamda faoliyatga oid lavhalar telekanallarda doimiy tarzda efirga uzatib borilgan.
Rasmiy statistikani shakllantirishda statistika organlari tomonidan jami 30 ta tanlanma statistika kuzatuvlari hamda 98 ta statistika hisobotlaridan foydalanilgan.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA