Yens Stoltenbergning NATO Bosh kotibi lavozimidagi faoliyati muddati yana bir yil uzaytirildi. Uning o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shunday yozgan:
– NATO ittifoqchilarining vakolatimni 2024 yil 1 oktyabrgacha uzaytirish to‘g‘risidagi qarorini yuksak baholayman.
Shu tariqa Shimoliy Atlantika alyansini boshqarib kelayotgan amaldagi rahbarning vakolati to‘rtinchi bor uzaytirildi. Stoltenberg 2022 yil 1 oktyabrda kursisini topshirishi kerak edi, biroq o‘sha yil mart oyida o‘tgan Alyans sammitida ittifoqchi davlatlar rahbarlari Ukraina atrofidagi voqealar asnosida uning mandatini 2023 yil 30 sentyabrgacha uzaytirish yuzasidan qaror qabul qilishdi.
Avvalroq Bosh kotibning o‘zi 2023 yil sentyabrdan keyin lavozimini tark etishini e’lon qilgan. Ommaviy axborot vositalari esa ittifoqchilar o‘rtasidagi kelishmovchilik tufayli o‘tgan yil mobaynida unga munosib voris topishning imkoni bo‘lmagani haqida xabar tarqatishgan.
NATO Bosh kotibi bo‘lib eng uzoq muddat xizmat qilgan shaxs – gollandiyalik Yozef Luns 1971 yildan boshlab 13 yil davomida ayni vazifada ishlagan. To‘qqiz yillik muddat bilan Stoltenberg hozircha bu borada ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
O‘zA