Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— Yurtimizda bolalarning manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqlarini, erkinliklarini va qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan kafolatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, — dedi deputat Davron Aripov. — Mazkur qonun loyihasi bilan shaxsning voyaga yetmagan davrida sodir etgan jinoyati uchun qonun oldida o‘z jazosini to‘liq o‘tab bo‘lgandan so‘ng, uning oqibatlari kelgusi hayotiga ta’sir qilmasligi va o‘z hayotini yangitdan boshlashi uchun imkoniyat berilishini ta’minlash maqsadida voyaga yetguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni o‘tab bo‘lgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikni cheklash hamda ozodlikdan mahrum qilish jazosining eng kam muddati 6 oydan 1 oyga qisqartirilmoqda. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini yanada liberallashtirib, voyaga yetmaganlik davrida sodir etgan jinoyati uchun jazoni to‘liq o‘tab bo‘lgan shaxsga, o‘z hayotini sudlanganlik tamg‘asidan xoli tarzda yangitdan boshlashiga imkon beradi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilinib, qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA