O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 3 iyundagi “2023 yil hosilidan bug‘doy xarid qilish va ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Orolbo‘yida g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Joriy yilda 59 ming gektar g‘alla maydonini qisqa muddatlarda nes-nobud qilmasdan, o‘rib-yig‘ib olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi. Hududning iqlim sharoitini hisobga olgan holda 12 iyun – 1 iyul kunlari oralig‘ida o‘rib-yig‘ib olish, o‘rilgan donni tashish hamda dalalarni somondan tozalash ishlari uchun talab etiladigan 42,4 milliard so‘m mablag‘ning hisob-kitobi ishlab chiqilgan.
Ushbu ishlarni tizimli amalga oshirish maqsadida 170 otryad tashkil etildi. Ularga 170 dona don o‘rish kombayni, 510 dona yuk avtomobili, 495 nafar mas’ul xodim biriktirildi.
Bundan tashqari, don korxonalarining 16 don qabul qilish shoxobchasiga tegishli 20 dona elektron o‘lchov tarozisi, 210,7 ming tonnalik don saqlash sig‘imi, 46 ming tonnalik vaqtinchalik don saqlash ayvoni, 27,6 ming kvadrat metr asfalt maydonchasidan foydalanilmoqda. Vazirlar Mahkamasining yuqorida qayd etilgan qarori bilan tasdiqlangan dislokatsiya asosida hududdagi 5ta don korxonasi va Urug‘chilik markazi tizimidagi “Nukus best seeds” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan joriy yilda jami 130 ming tonna boshoqli don ekinini qabul qilish reja qilinmoqda.
Tumanlarda o‘rim-yig‘im mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish bo‘yicha tegishli soha va tuman sektor rahbarlari, dehqon fermer va klaster korxonalari ishtirokida ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi. Bugungi kunga kelib barcha tumanlarda o‘rib-yig‘ib olish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Jumladan, o‘tgan kuni 220 dona kombayn qatnashib, o‘rta hisobda har biriga 60,5 tonnadan to‘g‘ri kelmoqda. Shu kungacha 12 ming 936 gektar maydonda o‘rim-yig‘im ishlari amalga oshirildi va hududiy don korxonalariga 35 ming 609 tonna don topshirildi.
Nukus tumanida 290 fermer xo‘jaligi tomonidan 6 ming 300 gektar maydondan 12 ming 760 tonna bug‘doy hosili yetishtirish rejalashtirilgan. Hosilni o‘rib-yig‘ib olish ishlari otryadlar usulida tashkil qilinib, mavsum yumushlariga 65 kombayn hamda don tashuvchi texnika jalb etilgan. Yetishtirilgan g‘allani sotish erkin bozor narxlarida amalga oshirilishi, fermerlarga o‘z ixtiyorida qolgan hosilni birja savdolariga qo‘yish imkoniyati yaratilganligi asosiy omil bo‘lmoqda. Mirishkor dehqonlar tomonidan, hosilni isrof qilmasdan, o‘z vaqtida o‘rib-yig‘ib olishning barcha choralari ko‘rilmoqda.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA