So‘nggi yillarda mamlakatimiz yashil maydonlarida FIFA hamda OFK tizimidagi nufuzli musobaqalarni o‘tkazish odat tusiga kirib bormoqda. Turli yosh toifasidagi qit’a birinchiliklarining O‘zbekistonda tashkil etilishi imkoniyatlar ko‘lamini kengaytirdi.

Xususan, FIFA Kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishida O‘zbekiston futzal bo‘yicha 2024 yilgi jahon chempionati mezboni etib belgilandi.

Ushbu nufuzli musobaqani yurtimizda o‘tkazish borasida tashkiliy qo‘mita tomonidan FIFAga mavjud infratuzilma yuzasidan ma’lumotlar taqdim etildi. Uchrashuvlar o‘tkazildi. Mashg‘ulot zallarini FIFA talablariga, xususan, xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish borasidagi harakatlar boshlandi. O‘z o‘rnida, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi FIFAga jahon chempionati o‘yinlarining o‘tkazilishi mo‘ljallanayotgan 10 ga yaqin majmua va sport zallari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bir necha kundan so‘ng FIFA vakillari jahon chempionati oldidan O‘zbekistonda futbol infratuzilmasini o‘rganish, tahlil qilish maqsadida yurtimizga tashrif buyuradi. Mahalliy va tashkiliy qo‘mita hamrohligida musobaqaga mezbonlik qilishi kutilayotgan majmualar, mavjud infratuzilma bilan tanishadi. Mashg‘ulot zallari, mehmonxonalar, aeroport, vokzal va yo‘llar o‘rganiladi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA