Keyingi yillarda mamlakatimizda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga berilayotgan alohida e’tibor, mahalliy va xorijiy tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qulaylik va imtiyozlar tufayli nafaqat yurtimizda, balki chet ellarda faoliyat yuritayotgan o‘zbek firmalari va korxonalari ham O‘zbekistonga katta qiziqish bilan qaramoqda.
“Art tv” MCHJ ham bir necha yildan beri O‘zbekiston va Turkiya orasidagi madaniy, iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga hissa qo‘shib kelmoqda. Jamoamizning asosiy vazifalaridan biri respublikamizga investitsiya kiritish. Ayni shu maqsadda Istanbulda guruh sifatida faoliyat yuritamiz.
Kuni kecha Istanbul shahrida O‘zbekiston Bosh konsuli Amirsaid A’zamxo‘jayev va Turk dunyosi ish insonlari tashkiloti rahbari doktor Alattin Buyukkaya bilan mamlakatimizga investitsiya kiritish orqali iqtisodiy aloqani yanada rivojlantirish to‘g‘risida suhbatlashdik.
A.A’zamxo‘jayev ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqani rivojlantirishda asosiy e’tiborni yetakchi tarmoqlarga qaratish muhimligini ta’kidlarkan, xorijlik ishbilarmonlar uchun O‘zbekiston har tomonlama qulay, imkoniyati cheksiz davlat ekanini aniq, ishonchli misollar bilan tasvirlab berdi.
Janob Alattin Buyukkaya esa o‘z fikrini, his-tuyg‘ularini shunday ifoda etdi:
– O‘zbekiston bizning ota yurtimiz. Hukumat bu qadar keng imkoniyat taklif qilayotgani uchun emas, balki bir millat bo‘lganimiz uchun respublika iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘shaylik. O‘zbekiston Markaziy Osiyodaning eng go‘zal, betakror o‘lkasi. Unutilib borayotgan urf-odatlarimiz, an’analarimizni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, O‘zbekistonga boring. Ota tuprog‘imizni to‘yib-to‘yib hidlang, hukumat taqdim etayotgan barcha imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalaning. Biz bu borada qo‘ldan kelgancha yordamga shaymiz. Keling, jipslashaylik, bir bo‘laylik.
Uchrashuvda “İnternova Group” kompaniyasi va “Mafredi” fabrikasi vakillari ham qatnashdi.
1983 yildan beri Yevropa va Bolqon bozorlarini zabt etib kelayotgan “Mafredi” paypoq fabrikasi rahbari Orif Yayla xorijlik tadbirkorlar uchun yaratilgan qonuniy qulaylik va yengilliklar tufayli diyorimizga investitsiya kiritish niyatida ekanini ochiqladi.
Denizli viloyati faoliyat olib boruvchi “İnternova Group” rahbari Ahmet Melih Tekin O‘zbekistonning tosh-tarozisini yaxshi bilgani holda, o‘z loyihasi bilan bog‘liq ilk investitsiyani aynan bizning mamlakatimizga yo‘naltirish qarorini bildirdi.
Nodira Qayumova, “Art tv” korxonasi rahbari