AQSH Prezidenti Jo Bayden va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlab, ushbu harbiy nizoning insonlar uchun “dahshatli va fojiali oqibati”dan chuqur xavotir bildirishdi.

Kecha Vashingtonda Bayden va Modi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Muloqot yakuni bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotda ikki yetakchi “xalqaro huquq, BMT Nizomi tamoyillari hamda hududiy yaxlitlik va suverenitetni hurmat qilish” zarurligini qayd etishdi.

Hujjatda, shuningdek, “Rahbarlar ziddiyatning global iqtisodiy tizimga, jumladan, oziq-ovqat, energetika xavfsizligi va muhim ta’minot zaxirasiga jiddiy, ortib borayotgan ta’sirini ta’kidlagan. Barchani harbiy harakatlar oqibatini, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda yumshatish bo‘yicha sa’y-harakatni kuchaytirishga chaqirishgan”.

Hindiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi do‘stlik pandemiyadan keyingi murakkab davrda butun dunyoga kuch beradi, dedi Modi.

Bosh vazirning Prezident bilan uchrashuv boshlanishidan oldin bergan bayonotida yana shunday so‘zlar bor:

– COVIDdan keyin dunyo tartibi yangicha shakl namoyon etdi. Bu davrda Hindiston va Qo‘shma Shtatlar tinchlik, barqarorlik va farovonlik uchun global miqyosda hamkorlik qilish tarafdori.

U nutqida hind jamiyatining AQSHdagi muhim rolini ham qayd etdi:

– Hind hamjamiyati a’zolari mashaqqatli mehnat va fidoyilik bilan Hindiston shon-shuhratini AQSHda ham mustahkamlamoqda!

O‘zA