Jahon matbuoti O‘zbekiston haqida

Dunyodagi eng yirik axborot agentliklaridan biri bo‘lgan Sinxua saytida O‘zA Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimovning “O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari ulkan istiqbolga ega” sarlavhali maqolasi chop etildi.

“Xitoyning taraqqiyoti, istiqboldagi rejalari, dunyodagi eng yirik davlatlarning biri sifatidagi kelajagi, tabiiyki, butun dunyoda katta qiziqish uyg‘otmoqda. O‘zbekiston Xitoydagi barcha o‘zgarishlarni do‘st davlat, ishonchli strategik sherik sifatida diqqat bilan kuzatib boradi.”

Shunday satrlar bilan boshlangan maqolada O‘zbekiston va Xitoy munosabatlarining joriy holati, davlatlararo, hukumatlararo, idoralararo bitimlar sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun zarur huquqiy asos yaratilayotgani tahlil qilingan.

Maqolada O‘zbekiston Xitoyning aholini qashshoqlikdan olib chiqish va o‘rta sinfni ko‘paytirish, shu orqali umumbashariy farovonlik va tenglikka erishish borasidagi tajribasiga jiddiy qiziqish bildirayotganiga alohida urg‘u beriladi.

– O‘zbekiston “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi butun Yevroosiyoda transport infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltirilgan misli ko‘rilmagan rejani yuksak qadrlaydi va qo‘llab-quvvatlaydi, – deyiladi maqolada.

Maqolada, shuningdek, Xitoy va O‘zbekiston ikki tomonlama asosda ham, SHHT va boshqa ko‘p tomonlama platformalar doirasida ham yaqin hamkorlik qilib kelayotgani, tashqi aralashuvga birgalikda qarshi turish, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka va narkotik moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurashda birga harakat qilayotgani, O‘zbekiston “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusining muhim ishtirokchisi, ushbu yirik tashabbus doirasida mamlakatlar o‘rtasidagi samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani ham alohida qayd etilgan.

Maqolaning to‘liq matnini Sinxua axborot agentligining www.news.cn saytida o‘qish mumkin.

Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi, O‘zA