Bugun erta tongdan ko‘hna va boqiy Buxoroda “Ipak va ziravorlar” xalqaro festivalining “Mo‘’jizalar karvoni” yo‘lga chiqdi.

Buxoroda o‘tkazilayotgan “Ipak va ziravorlar” xalqaro festivalining asosiy tadbirlariga start berildi.

Erta tongdan Ark qo‘rg‘onidan “Mo‘’jizalar karvoni” tantanali yurishi boshlandi.

Tadbirda bir qator davlatlardan madaniyat va san’at arboblari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari, rasmiy tur-operatorlari qatnashmoqda.

Buxoro viloyati va shahar hokimliklari, viloyat Madaniyat va turizm boshqarmasi, “Hunarmand” uyushmasi hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilmoqda.

Festivalda Slovakiya, Italiya, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Bangladesh, Turkiya, Quvayt, Qatar kabi davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari vakillari tomonidan festivalda qatnashish istagi bildirilgan. Respublika hududlari va xorijiy davlatlardan keladigan 200 nafarga yaqin hunarmandlar qatnashmoqda.

Tadbirlarni yoritib borish uchun matbuot shtabi tashkil etilgan. Matbuot shtabida xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari faoliyat olib bormoqda. Festival 30 nafar xorijiy va mahalliy jurnalist hamda blogerlar tomonidan ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritish rejalashtirilgan.

Festival doirasida ipak hamda ziravorlar ko‘rgazma va yarmarkasi, palov sayli, milliy o‘yinlar namoyishi va boshqa ko‘plab tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Festivalning ochilish marosimida viloyat hokimining o‘rinbosari Mirali Hamroyev qatnashdi.

 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA