Ko‘hna va boqiy Buxoroda joriy yilning 16-18 iyun kunlari XX an’anaviy xalqaro “Ipak va ziravorlar” festivali bo‘lib o‘tadi. Festival oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda viloyat hokimining o‘rinbosari Mirali Hamroyev boshchiligidagi festival tashkiliy qo‘mitasi a’zolari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, mustaqil jurnalist va blogerlar qatnashdi.

Anjumanda so‘z olganlar tomonidan festival doirasidagi asosiy tadbirlar to‘g‘risida yig‘ilganlarga batafsil ma’lumot berildi.

Tadbirda XX an’anaviy xalqaro “Ipak va ziravorlar” festivali doirasida “Ark” majmuasidan “Labi hovuz” majmuasigacha festival qatnashchilarining tantanali yurishlari, “Labi hovuz” majmuasida Festivalning ochilish marosimi, Buxoro shahrining eski shahar qismi bo‘ylab respublikamizdagi folklor jamoalarining chiqishlari, ipak va milliy hunarmandchilik mahsulotlari hamda ziravorlar savdosi ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, zardo‘zlik, temirchilik, ipak gilamlari, kashtado‘zlik, kandakorlik, badiiy va miniatyura san’ati mahorat darslari, festival doirasidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman, “Palov sayli” milliy taomlar tanlovi, mahalliy va xorijiy dizaynerlar ishtirokida “Silk & Spices Fashion days” maxsus modalar namoyishi, tasviriy va amaliy san’at milliy galereyasi va suratkashlar ko‘rgazmasi, milliy va sport o‘yinlari namoyishi, festivalning yopilish marosimiga bag‘ishlangan gala-konsert kabi asosiy tadbirlar o‘tkazilishi ta’kidlandi.

Festivalni 30 nafar xorijiy va mahalliy jurnalist hamda blogerlar ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng yoritish rejalashtirilgan.

Festivalda Slovakiya, Italiya, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Bangladesh, Turkiya, Quvayt, Qatar kabi davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari vakillari tomonidan festivalda qatnashish istagi bildirilgan. Respublika hududlari va xorijiy davlatlardan keladigan 200 nafarga yaqin hunarmandlar ro‘yxati shakllantirilgan.

Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga festival tashkiliy qo‘mitasi a’zolaridan javob oldi.

Zarif Komilov,

Tohirjon Istatov (surat), O‘zA