Turkiya Respublikasida «Eng ilg‘or mergan» musobaqasi o‘tkazildi. 13 davlatning 40 dan ortiq jamoasi ishtirokidagi bellashuvda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi merganlari ham munosib qatnashdi.

Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Turkiyaning Isparta shahridagi «Komando» tog‘ o‘quv mashqlar markazida o‘tkazigan musobaqada Ispaniya, Pokiston, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari singari o‘ndan ortiq davlat vakillari ishtirok etdi. Bellashuvlarda O‘zbekiston Mudofaa vazirligining ikki jamoasi mamlakatimiz sharafini himoya qildi. Musobaqa ishtirokchilari 5 ta guruhga bo‘linib, bir-biridan murakkab 14 ta shart bo‘yicha bahs olib bordi.

Xususan, uzoq masofadan nishonlarni izlab topish va yakson qilish shartida merganlar 2 ming metr masofada joylashgan shartli dushman guruhi orasidan asosiy nishonni aniqlab topishi va birinchi urinishda uni yakson etishi lozim bo‘ldi. Vazifa – murakkab. Habiylarimiz nishonni muddatidan oldin yakson etib, nimalarga qodir ekanliklarini amalda isbotladi.

«Qayiqdan va minoralardan o‘q otib orolni himoya qilish», «Vertolyot va yerdan jang olib borib, yaradorni evakuatsiya qilish», «Harakatlanuvchi nishonlarni pistoletda yakson etish», «Tungi vaqtda magnit azimuti bo‘yicha harakatlanish» kabi qator shartlar ham real jang vaziyatiga yaqinlashtirilgan holda olib borildi.

Ayniqsa, yurtimiz vakillari «Tog‘ tepasidan qiyalikka qarab jang olib borish», «Zararlangan hududda gazniqob taqib, nishonlarni mo‘ljalga olish» shartlarida barcha jamoalarni ortda qoldirib, rekord natijalarni qayd etdi.

Qariyib 10 kun davom etgan bellashuvlarda xorijiy davlat armiyalarining 42 ta jamoasi ichida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shohsupaning birinchi va uchinchi o‘rinlari mezbon davlat vakillariga nasib etdi.

Ta’kidlash kerakki, bunday xalqaro musobaqalarda ishtirok etish harbiylarimizning jangovar tayyorgarligini oshirish, bilim va tajriba almashishda muhim o‘rin tutadi.

 

O‘zA