So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Italiya juda ko‘p yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirmoqda. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va Italiya Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mustaqilligi vazirliklari birgalikda o‘simliklar va chorvachilik genetikasi, mahsuldor navlar joriy etish, sohani rivojlantirishning ilmiy asosini yaratish borasida tajriba almashish kabi qator loyihalarni amaliyotga muvaffaqiyatli tatbiq etmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Italiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida barcha yo‘nalishlar qatori qishloq xo‘jaligi sohasidagi aloqalar yanada mustahkamlanmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, 400 million yevro miqdoridagi ilk kelishuv yirik investitsiya majmuasi, ilmiy-tadqiqot olib borish, quruq meva hamda za’faron yetishtirish kabi o‘nlab yo‘nalishlarni qamrab olgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Jorjiya Meloni huzurida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va Italiya Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mustaqilligi vaziri Franchesko Lollobrijida o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risida rasmiy memorandum almashinuvi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu hujjat O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida institutsional hamkorlikni mustahkamlash, mamlakatimizda meva va sabzavotni qayta ishlashga innovatsion texnologiyani joriy qilish, intensiv bog‘lar barpo qilish va fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Jumladan, yirik italyan kompaniyalari, banklari, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti va Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish fondi ko‘magida yurtimizda 16 ta loyiha amalga oshirish bo‘yicha umumiy qiymati 357 million yevroga teng kelishuv jamlanmasi imzolandi.
Italiya Chorvadorlar uyushmasi prezidenti R.Nochentini va Quyonchilar uyushmasi prezidenti S.Pompa bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Sirdaryo viloyatida italyan zotli yirik va mayda shoxli qoramol ko‘paytirish bo‘yicha 56 million yevrolik loyiha bo‘yicha kelishuvga erishildi. Ushbu jarayon yirik va mayda shoxli qoramolning mahalliy sharoitga moslashtirilgan o‘zbek zotlarini yaratish bo‘yicha genetik laboratoriya tashkil etishni ham o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, yaqin kelajakda Uyushma tajribasini Toshkent viloyatida 32,7 million yevroga teng quyon ko‘paytirishni joriy qilish, kambag‘allikni qisqartirish uchun oilaviy fermalarga quyonlarni beg‘araz asosda taqdim etish orqali tatbiq etishga kelishildi.
O‘zbekistonning bir necha hududida yer degradatsiyasini qisqartirish va sahro hududini o‘zlashtirish tajribasi ham amalga oshiriladi. Bu sahrolashuvga qarshi kurashish uchun qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi dunyoda yagona “Nardi Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Shu bilan birga BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish fondi bilan hamkorlik doirasida dehqonchilikda innovatsion yondashuvni joriy etish, chorvachilikda qo‘shimcha qiymat zanjirini rivojlantirishga qaratilgan 75 million yevroga teng loyihalar paketi hayotga tatbiq etiladi.
Bundan tashqari texnologik hamkorlikni rivojlantirish borasida Italiyaning “Feder Unacoma”, “Cermac”, “Irritec”, “Rota Guido”, “Sint Tecnologie” kabi yetakchi ishlab chiqaruvchilar va konsorsiumlar texnologiyasini yetkazib berishni “SACE”, “Exetra” kredit agentliklari va “Unicredit” banki krediti asosida uzoq muddatli moliyalash to‘g‘risida kelishib olindi.
“Irritec” – qishloq xo‘jaligi uchun suvni tejash texnologiyasi ishlab chiqaruvchi kompaniya bilan O‘zbekistonda bog‘dorchilik uchun suvni tejash texnologiyasini joriy etish bo‘yicha tajriba loyihasi amalga oshiriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, tarixiy tashrif doirasida birgina qishloq xo‘jaligi sohasida erishilgan kelishuv va hamkorlik memorandumlari soha
rivojida, ikki mamlakat hamkorligini yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
M.Komilova, O‘zA