Kecha Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Abay viloyatida halok bo‘lgan o‘rmon xo‘jaligi xodimlari oila a’zolari bilan uchrashdi.
Favqulodda holat ijro organlari jinoiy e’tiborsizligi oqibatida sodir bo‘lganini ta’kidlagan mamlakat yetakchisi barcha aybdorlar jazolanishiga va’da berdi. Bu haqda davlat rahbari matbot xizmati ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, mutasaddi idoralar ofat ko‘lami bo‘yicha noto‘g‘ri taxmin chiqargani e’tiborsizlikdir.
Toqayev jabrlangan oilalarga doimiy nafaqa belgilanishi, buning uchun shaxsan o‘zi nazorat qiladigan yordam jamg‘armasi tashkil etilishini bildirdi.
– Davlat rahbari sifatida sodir bo‘lgan voqea uchun uzr so‘rayman, – degan Toqayev. – Hodisani hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. Takror aytaman, jabrlanganlarga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatiladi.
Qozog‘iston sharqidagi Abay viloyatida tabiiy yong‘in 8 iyun kuni boshlangan. Ofat hududi 60 ming gektarni tashkil qiladi. Yong‘inni o‘chirishga mingdan ortiq kishi, 252 texnika vositasi jalb qilingan.
Prezident mazkur voqea tufayli Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbarlarini almashtirgan.
Yong‘in oqibatida 14 kishi halok bo‘lgan.
Bugun – 12 iyun Qozog‘istonda motam kuni, deb e’lon qilingan.
O‘zA