Bugun, 11 iyun kuni poytaxtimizdagi “Bunyodkor” stadionida “CAFA Nations Cup 2023” musobaqasi doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi O‘mon terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Kecha mazkur musobaqada ishtirok etayotgan Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston va O‘mon jamoalari bosh murabbiylari ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanlarida jamoalarning imkoniyatlari, raqiblarning holati,  turnirning ahamiyati xususida so‘z yuritildi.

–Jamoamiz ushbu turnirga tayyor. Bir nechta yig‘inlar orqali ko‘plab futbolchilarni sinovdan o‘tkazdik. Ma’lum bir sabablarga ko‘ra, asosiy tarkibdagi futbolchilar bu gal maydonda tushmaydi. Ularning o‘rnida yangi va yosh futbolchilar harakatlanadi. Ushbu musobaqa Osiyo kubogiga muhim tayyorgarlik bosqichi bo‘ladi, – dedi jurnalistlar bilan muloqotda O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets.
O‘zbekiston – O‘mon uchrashuvida terma jamoamiz o‘yinchilari oq, darvozabon qora libosda maydonga tushadi.

Shu o‘rinda bir gap. Futbol o‘yinlarining saviyasi qay darajada bo‘lishi hakamlarning bilim darajasi, professional faolligi bilan belgilanadi. “CAFA Nations Cup 2023” turniri oldidan hakamlar uchun tashkil etilgan seminarda O‘FA birinchi vitse-prezidenti, CAFA hakamlar qo‘mitasi raisi Ravshan Ermatov hamda CAFA bosh kotibi Ulug‘bek Karimov shu haqda so‘z yuritishdi. Ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu turnirning mintaqamiz futboli uchun ahamiyati yuqoriligi, o‘yinlar ko‘plab mamlakatlarga translyatsiya qilinishi qayd etildi. Shu bois musobaqalarni boshqarib boradigan hakamlar o‘z faoliyatiga jiddiy e’tibor qaratishi lozimligi ta’kidlandi.

Bevosita O‘zbekiston – O‘mon uchrashuvi, jamoalarning bugungacha o‘tkazgan o‘zaro o‘yinlari xususida so‘z yuritadigan bo‘lsak, ular olti marta kuch sinashishgan. To‘rtta g‘alaba o‘monliklarga, ikkitasi o‘zbekistonliklarga tegishli. To‘plar nisbati 9-9.

Terma jamoamiz 2001 va 2019 yilgi uchrashuvlarda 5:0, 2:1 hisoblarida muvaffaqiyat qozongan. 2001 yil 4:2, 2008 yil 2:0, 2014 yil 0:1, 0:1 hisoblarida o‘monliklarning qo‘li baland kelgan.

Yuqoridagi ko‘rsatkichlardan kelib chiqib fikr yuritadigan bo‘lsak, hamyurtlarimiz O‘mon jamoasiga qarshi jiddiy o‘yin o‘tkazishi tayin. Lekin o‘tgan davrdagi o‘zgarishlar natijasida jamoalardagi o‘yinchilar va murabbiylar boshqa-boshqa ekanligini inobatga olsak, bu safar Yangi O‘zbekiston va Yangi O‘mon qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lishimiz shubhasiz.

T.RO‘ZIEV, O‘zA