Angliyaning “Manchester Siti” klubi tarixda kuzatilmagan natijaga erishdi. Shaharliklar Yevropa chempionlar ligasida ilk bor tengsiz deb topilmoqda.

10 iyun, shanba oqshomi Istanbuldagi “Otaturk” stadionida o‘tgan YeCHL finali muhlislarga shiddatli bahs, jangovor kurash, kuchli emotsiya taqdim etdi.

“Manchester Siti” Italiyaning “Inter” klubi ustidan 68-daqiqada Rodrining goli evaziga 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘yinda kiritilgan yagona gol Angliyadan toshib kelgan muhlislarga katta quvonch ulashdi, boisi Hosep Gvardiola shogirdlari ushbu musobaqada birinchi marta chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Og‘ir uchrashuvda salobat ko‘rsatgan ikki jamoa ham haqiqiy final kayfiyatini taqdim etdi, ularning har ikkalasi sovringa loyiq edi, biroq, titul birgina klubga nasib etadi.

Mazkur mavsumda juda shiddatli o‘yinlar ko‘rsatgan Siti birin-ketin Angliya premer ligasi, Angliya kubogi va Yevropa chempionlar ligasi g‘olibiga aylandi.

Bir so‘z bilan aytganda, avvaliga “Bavariya”, keyin “Real Madrid”ni musobaqadan chiqarib yuborgan shaharliklar trebl qayd etdi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA