Xabar berganimizdek, Janubiy Koreyaning Inchxon shahrida 20 yoshgacha bo‘lgan yengil atletikachilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan XX Osiyo chempionatining ortda qolgan bahslarida mamlakatimiz sportchilari munosib natijalarni qayd etdi.
Kecha bo‘lib o‘tgan bahslar sarhisobiga ko‘ra, terma jamoamiz a’zosi Elina Silyamiyeva bosqon uloqtirish bahslarida 60.53 metr natijani qayd etib, shohsupaning ikkinchi pog‘onasidan joy egalladi. Ushbu dasturda bosqonni 64.92 metrga uloqtira olgan xitoylik Gao Szinyao oltin medalni qo‘lga kiritdi. Janubiy Koreya vakili Taixi Kimga 59.97 ko‘rsatkich holatida 3-o‘rin nasib etdi. Shuningdek, terma jamoamiz a’zolaridan O‘g‘iloy Norboyeva, Nurxon Ochilova, Samandar Mahmudov, Nodir Norboyev kabi sportchilar garchi sovrinli o‘rinlardan joy olmagan bo‘lsa-da, qit’a reytingida munosib ochkolarni jamg‘arishga erishdi.
E’tiborli jihati, uzunlikka sakrash dasturida qatnashgan hamyurtimiz O‘g‘iloy Norboyeva hozirgi paytda nafaqat qit’ada, balki jahon yengil atletikasida o‘z o‘rnini tobora mustahkamlab borayotgan Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya kabi davlatlarning kuchli sportchilari orasida 4-o‘rinni egallashi chempionatning shov-shuvli natijalaridan biri sifatida e’tirof qilindi. Bu O‘zbekistonda yengil atletikachilarning yangi avlodi yetishib kelayotganligini ko‘rsatmoqda.
Bugun — 6 iyun kuni chempionatdan o‘rin olgan bir qator dasturlarda terma jamoamiz a’zolari sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi.
Chempionat musobaqalari 7 iyunga qadar davom etadi. Eslatib o‘tamiz, ushbu qit’a chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining 12 nafar a’zosi ishtirok etmoqda.
T. Ro‘ziyev, O‘zA