Inson sog‘lig‘i va hayotiga xavfli bo‘lgan tovarlarni ishlab chiqarish va realizatsiya qilish holatlari ko‘payib borayotgani sir emas. Bu esa kontrafakt va sifatsiz tovarlarning muomalasiga barham berish, aholi salomatligini kafolatlash borasida ko‘rilayotgan choralar samaradorligini yanada oshirishni taqozo etmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida birinchi o‘qishda muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi qonun loyihasi ana shunday kontrafakt va iste’molga yaroqsiz tovarlarning muomalasiga chek qo‘yishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Mazkur qonun loyihasi bilan inson hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni ishlab chiqarganlik va muomalaga kiritganlik, sotganlik uchun jazo choralarini yanada kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Majlisda qayd etilganidek, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tomonidan sanitariya normalari va gigiyena qoidalariga rioya etilmaslik inson sog‘lig‘iga ta’sir ko‘rsatishga sabab bo‘lishi mumkin. Mazkur qonun loyihasida sanitariya va veterinariya qonunchiligini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun jazo chorasi og‘irlashtirilyapti. Bugungi kunda hayotimizda ayrim tovar brendlaridan noqonuniy foydalanib, mahsulot ishlab chiqarish va mo‘may daromad topish holatlari ham uchrab turibdi. Ushbu qonun loyihasida bu kabi holatlarga ham e’tibor qaratilgan. Ya’ni, tadbirkorning tovar brendidan noqonuniy foydalangan holda mahsulot ishlab chiqarib, realizatsiya qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirilib, tadbirkorlik sub’ektlarida o‘tkaziladigan tekshirishlar tartibi aniq belgilab berilmoqda.
Muhokamalarda deputatlar loyiha yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar bildirdi. Qonun loyihasining qabul qilinishi iste’molchilar huquqlari va ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilish, kontrafakt, iste’molga yaroqsiz mahsulotlarning muomalasiga chek qo‘yish, aholi salomatligini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA