Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

– So‘nggi yillarda byudjet ma’lumotlarining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, byudjet mablag‘larining shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar qilindi, – deydi fraksiya a’zosi Zafar Xudoyberdiyev. – Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 148-moddasida O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillari ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgani ham byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlashning huquqiy asoslarini yanada kuchaytirishga undaydi.

Ushbu qonun loyihasi bilan Byudjet kodeksiga byudjet mablag‘larini va davlat maqsadli fondlarini taqsimlovchilar faoliyatida ichki auditni tartibga solishni, jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish to‘g‘risidagi axborotni joylashtirishni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasining nomini qonunchilikka muvofiqlashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi moliyaviy nazorat va ichki audit xizmatlari faoliyatini takomillashtirishga hamda byudjet jarayonining ochiqligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Muhokamalar chog‘ida fraksiya a’zolari partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, o‘z fikr-mulohazalarini, taklif va tavsiyalarini bildirdi. Loyihadagi ayrim normalar yuzasidan ko‘plab savollar o‘rtaga tashlandi. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ma’qullandi.

Shuningdek, yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham muhokama qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA