Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Pak Chinga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Faxriy doktori unvoni berildi.
Shu munosabat bilan universitetda tantanali marosim tashkil etildi.
– Biz mustaqil O‘zbekistonni doimiy qo‘llab quvvatlayotgani, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va rahbarligi ostida mamlakatimizni siyosiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishda ko‘satayotgan amaliy yordami uchun Koreya Respublikasidan minnatdormiz, – deydi Oliy Majlis Senati Raisi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining rektori Sodiq Safoyev.
Sodiq Safoyev Janubiy Koreya tashqi siyosiy idorasi rahbariga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Faxriy doktor unvoni uning O‘zbekiston-Janubiy Koreya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni mustahkamlash, fan va ta’lim sohlaridagi yaqin samarali aloqalarni o‘rnatishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun berilganini qayd etdi.
Koreya Respublikasi tashqi ishlar vaziri unvon uchun minnatdorchilik bildirib, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish, oliy ta’lim sohasida faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda yanada ko‘proq ishlarni amalga oshirishga va’da berdi.
– Biz Yevroosiyoning turli qismlarida joylashgan bo‘sakda, qadriyatlarimiz bir xil, – deydi vazir. – Tinchlik yo‘lida birga ishlar ekanmiz, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash uchun bor imkoniyatlarimni ishga solaman.
Yuqori mansabdor shaxslar ishtirokida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi diplomatiya akademiyasi va Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Koreya milliy diplomatiya akademiyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv Memorandumining imzolanishi kadrlar tayyorlash sohasida aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha navbatdagi amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.
Shu kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Janubiy Koreya tashqi ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiya vakillari ishtirokida “Koreya yarim orolidagi vaziyat hamda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari” mavzusida davra suhbati ham tashkil etildi.
Vazir Pak Chin, tadbir ishtirokchilarini o‘zbek tilida tabriklab, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga taklif etilgani hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qilish imkoniyati uchun minnatdorchilik bildirdi.
Tadbirda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi do‘stlik munosbatlarini yanada mustahkamlash, strategik sherikchilik, keng ko‘lamli hamkorlikni, ayniqsa savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik sohalarda rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
– “Xalq diplomatiyasi” orqali ikki tomonlama siyosiy muloqot, parlamentlararo va madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish mamlakatlarimiz farovonligiga xizmat qilish bilan birga, mintaqalarimizda tinchlik va xavfsizlik, barqaror taraqqiyotni ta’minlashda muhim omil bo‘ladi, – deydi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining rektori Sodiq Safoyev.
Tadbirda davlatlarimizning xalqaro tashkilotlar, jumladan BMT va Jahon Savdo tashkiloti doirasida bir-birini qo‘llab quvvatlashi muhimligi qayd etildi, xalqaro va mintaqaviy kun tartibdagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
B. Hasanov, O‘zA.