Qatar davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy Markaziy Osiyoning bir qator davlatlariga safari doirasida dushanba kuni O‘zbekistonga keldi. Ushbu xabarni tasdiqlagan Qatar ishbilarmonlar assotsiatsiyasi direktorlar kengashi raisi Shayx Faysal bin Qosim Ol Soniy Qatar axborot agentligi (QNA)ga quyidagicha bayonot berdi:
– Qatar davlati energiya manbalariga yo‘naltirilgan daromad manbalarini diversifikatsiya qilish va kengaytirish strategiyasi doirasida dunyo mamlakatlari bilan iqtisodiy aloqa ko‘priklarini qurishdan manfaatdor. Shu bois o‘tgan yillar davomida Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatni yanada yaxshilash ustida ish olib bordi. Zero, bu mamlakatlarda barcha tomonlar uchun salmoqli foyda keltiradigan imkoniyatlar mavjud.
Shayx Faysal bin Qosim Ol Soniy o‘z navbatida shunday dedi:
– Janobi Oliylari Amirning O‘zbekistonga tashrifi muhim ahamiyatga ega, chunki bu mamlakat tabiiy resurslarga, xususan, tabiiy gazga boy bo‘lib, Qatar kompaniyalari uchun ayni muddao. O‘zaro sheriklik energetika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, bank ishi, halol sanoat va boshqa sohalarni qamrab oladi. Umuman, O‘zbekistondagi islohotlar, xususan, iqtisodiyotga oid qonunlar muntazam takomillashtirilayotgani investitsiya jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. O‘zbekiston 300 milliondan ortiq iste’molchiga ega bozorning muhim darvozasi hisoblanadi. O‘ziga xos geografik joylashuvi tufayli biz Markaziy Osiyo bilan savdo-iqtisodiy aloqani rivojlantirishdan manfaatdormiz.
Qatar ishbilarmonlari assotsiatsiyasi direktorlar kengashi raisi ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida muloqotga oid mavjud imkoniyatlarni aniqlashga ko‘maklashuvchi, Qatar va O‘zbekiston kompaniyalari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini kengaytiruvchi qo‘shma ishbilarmonlar kengashini tashkil etish muhimligini ta’kidladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA