Filippinning Manila shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida yurtimiz sportchilari 18 ta medalni qo‘lga kiritib, umum jamoada 1-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Taxmina Ikromova 5 yo‘nalishda oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Anastasiya Saranseva, Lola Jo‘rayeva, Mishel Nesterova o‘z yo‘nalishlarida, shuningdek hamyurtlarimiz jamoaviy hamda ko‘p kurash yo‘nalishidagi yoshlar o‘rtasidagi bahslarda ham shohsupaning eng yuqorisini band etdi.
Murosasiz bellashuvlarda hamyurtlarimizdan Evelina Atalyans, Yosmina Rahimova, Natalya Usova kabi sportchilarimiz sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Umumiy hisobda 10 ta oltin, 7 ta kumush va 1 ta bronza medalni jamg‘argan O‘zbekiston badiiy gimnastikachilari poytaxtimizdagi Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda tantanali kutib olindi.
Kutib olish marosimida Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikramov boshchiligidagi sport mutasaddilari, jamoatchilik vakillari, sportchilarning yaqinlari ishtirok etdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA