O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Tabiat resurslari vazirligi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi deb o‘zgartirildi.
Farmonga ko‘ra, yangi nom olgan vazirlik Bosh prokuratura hamda Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2023 yil 1 sentyabrga qadar dolzarb bo‘lib turgan qator normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlab, tasdiq uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va o‘rmon xo‘jaligi sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi, shuningdek, 2023 yil 1 iyuldan boshlab “Jamoatchilik ekologiya nazoratchisi” tizimi joriy qilinadi.
2023 yil 1 dekabrga qadar tumanlarda (shaharlarda) atmosfera havosi ifloslanishi fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashgan kichik stansiyalar xarid qilinadi va o‘rnatiladi.
2024 yil 1 yanvardan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududida o‘rnatiladigan avtomatlashgan kichik stansiyalar ma’lumotlari atrof-tabiiy muhit davlat monitoringi tizimining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilish orqali vizuallashtirilib, rasmiy veb-saytlarda real vaqt rejimida muntazam yangilab borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
2025 yil yakuniga qadar respublika hududi bo‘yicha atmosfera havosining tabiiy ifloslanishi yuqori bo‘lgan hududlarni prognozlash va aholini barvaqt ogohlantirish tizimi sinov tariqasida joriy etiladi.
2024 yil 1 yanvarga qadar respublikaning milliy ahamiyatga ega tabiat ob’ektlari, shu jumladan noyob va takrorlanmas ekotizimlar, bioxilma-xillik turlari va tabiiy landshaftlar xatlovdan o‘tkaziladi hamda Milliy tabiiy meros ob’ektlari ro‘yxati e’lon qilinadi va bu ro‘yxat doimiy ravishda yangilab boriladi.
2024 yil yanvardan Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN), YUNESKO va FAO bilan birgalikda xalqaro reprezentativ ro‘yxatlarga O‘zbekiston tabiiy meros ob’ektlari nominatsiyalarini taqdim etib boradi.
Farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab uy sharoitida yoki kasanachilik asosida daraxt va buta ko‘chatlarini (nihol) yetishtirish faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) hisoblanadi.
2023 yil 1 iyuldan boshlab chiqindi poligonlarini xususiylashtirish taqiqlanadi. Chiqindi poligonlari hududlarini chiqindilarni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga ijaraga berish, ularni tozalash hamda bo‘shatilgan yer uchastkalarini realizatsiya qilish vazirlik tomonidan amalga oshiriladi.
2023 yil 1 dekabrdan boshlab Nukus shahri, viloyatlarning ma’muriy markazlari va viloyat bo‘ysunuvida bo‘lgan shaharlar hududlaridagi avtomobillarga yoqilgi quyish shoxobchalari, sig‘imi 100 avtomobildan ortiq bo‘lgan avtoturargohlar hamda bozorlar hududida, “O‘zbekiston turizm magistrali” turizm transport koridori avtomagistral yo‘llarida joylashgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, savdo va ko‘ngilochar markazlari hududida kamida 2 kanalli 60 kVt va undan yuqori quvvatli elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini barpo etishning majburiy tartibi o‘rnatiladi.
Farmon doirasida Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University) tashkil etiladi.
Shuningdek, farmonda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohasida nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatini ham qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilgan. Vazirlik nodavlat notijorat tashkilotlarning loyihalarini amalga oshirish uchun ijtimoiy buyurtmalar berib boradi. Buning uchun Ekologiya jamg‘armasidan mablag‘lar ajratadi hamda o‘z rasmiy veb-saytiga bu haqda e’lon joylashtirib boradi.
2023 yil 1 iyulgacha Respublikada tashkil etiladigan ekologik aksiyalar maxsus platformasi ishga tushiriladi.
O‘zA