Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning sog‘lom ovqatlanishi uchun yaratilgan sharoitlar, shuningdek, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash holatini nazorat-tahlil tartibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati misolida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda deputatlar, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati mutasaddilari ishtirok etdi.
– Ma’lumki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirish yo‘lga qo‘yildi, – dedi qo‘mita raisi Erkin Zohidov. – Bu borada keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 25 avgustdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda keytering tashkiloti tayyor taomlarni qadoqlangan, bir marta ishlatiladigan qutilarda sovutgich moslamasi o‘rnatilgan maxsus avtotransport vositalarida maktablarga yetkazishi belgilangan bo‘lib, tender shartlariga kiritilgan. Joriy o‘quv yilida yuqoridagi qarorga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida keytering usulida sog‘lom ovqatlantirish tizimini tashkil etish ishlarini nazorat qiluvchi ishchi guruh tarkibi va umumiy xarid komissiyasi tarkibi tasdiqlangan.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini doimiy nazorat qilish bo‘yicha mas’ul xodimlar biriktirildi. Ayni chog‘da 716 ta umumta’lim maktabi hududlar kesimida 64 ta lotlarga joylashtirilgan. Bugungi kunda 716 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabidan 510 tasida jami 101 ming 568 nafar o‘quvchilarni bepul oziq-ovqat bilan ta’minlanishi yo‘lga qo‘yilgan. 2022 yil fevral-may oylarida 139 ming 374 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari bepul tayyor oziq-ovqat bilan keytering usulida ta’minlangan. Keytering tashkiloti tomonidan masofaviy usulda umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatish orqali shahar markazlariga bir kunlik va olis hududlarda joylashgan maktab hamda filiallariga besh kunlik oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beriladi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga sharoiti yaxshi maktablar oshxonalarida va oshxonasi mavjud bo‘lmagan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari sinf xonalarining o‘zida, sanitariya qoidalariga amal qilgan holda o‘quvchilarni ovqatlantirish tashkil etildi. Yig‘ilishda har ikkala hududda birinchi yil tashkil etilgan ushbu amaliyot bo‘yicha kamchiliklarga e’tibor qaratildi.
Tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazishda sifat va sanitariya-gigiyena talablariga amal qilish zarurligi qayd etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakilining aytishicha, chekka va olis hududlarga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazishda qiyinchiliklar bo‘lgan. Shuningdek, tadbirkorlarga maxsus avtotransport vositalari bo‘yicha qo‘yiladigan talablar ijrosiga ham e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi. Muhokamalardan so‘ng kun tartibidagi masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, Davron Ernazarov (surat), O‘zA