Yangi qaror
O‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab, sanoati rivojlangan davlatlarda ijtimoiy sohalar, taqsimot va maishiy xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida band bo‘lganlar soni ortib bordi.
Asrimiz boshlarida esa ishlab chiqaruvchilar uchun ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasi bilan bog‘liq xizmatlar tez sur’atlarda o‘sdi. Xizmat ko‘rsatish sohasi bugunga kelib zamonaviy texnologiyalarga chambarchas bog‘lanib qoldi. Shu nuqtai nazardan tilimizga “Raqamli xizmatlar” jumlasi o‘rnashdi.
Yaqinda – 24 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi.
Hujjat aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga raqamli xizmatlardan foydalanish uchun qulay sharoitlar yaratish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, byurokratik tartibotlarni qisqartirish, shuningdek, davlat boshqaruvi, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini hamda hududlarni raqamli transformatsiya qilishda muhim ahamiyatga ega.
Ushbu qarorning mohiyati, undan ko‘zlangan maqsad haqida Raqamli texnologiyalar vazirligi Elektron hukumat tizimini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Ayubxon SULTONOV O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Qarorda “Raqamli hukumat” va “Raqamli hudud” dasturlari doirasida 2023-2024 yillarda amalga oshiriladigan ustuvor loyihalar belgilandi.
Eslatib o‘tish lozim, 2020 yildan boshlab elektron hukumatni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha bir qator dasturlar qabul qilindi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va 2022 yil 22 avgustdagi “2022-2023 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Bu bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi yangi bosqichga ko‘tarildi. Bugungi kunda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali aholi va tadbirkorlarga 420 turdagi elektron davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan foydalanuvchilar soni 6 million 300 ming nafarga yetdi. 2023 yil yakuniga qadar bu raqamni 10 million nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Yagona portaldan foydalanish qamrovini yanada oshirish maqsadida 2022 yil 1 oktyabrdan tijorat banklari, to‘lov tizimlari va mobil aloqa operatorlari ilovalari orqali ham Yagona portalning elektron xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, elektron hukumat foydalanuvchilari Yagona identifikatsiya tizimi – One-ID joriy qilinishi hukumatning barcha axborot tizimlaridan foydalanish imkoniyatini yaratib berdi.
Bundan tashqari, “qog‘ozsiz ishlash” amaliyoti kengaytirilmoqda. Davlat organlarida ish yuritish va ijro intizomini raqamli texnologiyalar orqali nazorat qilish, yagona elektron hujjat aylanish tizimini joriy etish maqsadida Yagona idoralararo elektron hujjat aylanish tizimi negizida ishlab chiqilgan yangi tizimiga respublika ijro etuvchi hokimiyati organlari to‘liq o‘tishi rejalashtirilmoqda.
Prezidentning mazkur sohaga doir yangi qarori raqamlashtirish jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz. Aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun davlat xizmatlaridan foydalanishga qulayliklar yaratish hamda vazirlik va idoralardagi ish jarayonlarini raqamlashtirishda muhim ahamiyatga ega.
Yangi qaror bilan 300 dan ortiq davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda respublikamiz hududlarida raqamlashtirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilishi belgilangan. Akademik litseylar jarayonlarini raqamlashtirish, “Raqamli poliklinika” kompleks tizimi, “Yo‘l varaqa” tizimi, “ERP Sport” tizimi, “Konsert-tomosha ishtirokchilari” tizimi kabi turli sohalarga tegishli loyihalar shular sirasiga kiradi.
Shuningdek, qaror bilan “Raqamli fuqaro” dasturi qabul qilindi. U aholi uchun yanada ko‘proq qulayliklar yaratishga xizmat qilishi kutilayotgani bilan ahamiyatli.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali raqamli xizmatlar uchun yagona foydalanish nuqtasi hisoblanadi. Dastur doirasida 26 ta axborot tizimi orqali ko‘rsatilayotgan elektron davlat xizmatlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga birlashtiriladi.
Yagona portalda ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni 570 taga yetkaziladi. Jumladan, tug‘ilgan bolani tibbiyot muassasasiga ro‘yxatga qo‘yish, yoshga doir pensiyani rasmiylashtirish, avtomobil transportini ro‘yxatga qo‘yish va qayta ro‘yxatga qo‘yish kabi xizmatlar shular sirasiga kiradi.
Joriy yilning 1 dekabridan boshlab 47 turdagi ma’lumotlar davlat idoralari tomonidan elektron tarzda olinib, aholi va tadbirkorlardan talab etilmasligi belgilanmoqda.
Shu yilning 1 dekabrigacha fuqarolar raqamli xizmatlardan mustaqil foydalanishlari uchun davlat xizmatlari markazlarida birinchi bosqichda 14 ta “Raqamli xizmat nuqta”lari tashkil etiladi. Shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va uning mobil ilovasining yangi talqini ishga tushiriladi.
Darhaqiqat, raqamli xizmatlarning asosiy qulayliklaridan biri mamlakatning eng chekka hududlarigacha aholining xizmat imkoniyatidan foydalana olishidir. Bu ham o‘z o‘rnida takomillashtirishni talab etadi. Yurtimizda ayni shu maqsadda amalga oshirilayotgan ishlar jadallashmoqda, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
O‘zA muxbiri
Abdulaziz RUSTAMOV yozib oldi.